$
 12149.84
7.74
 14003.91
-76.07
 151.10
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

Tamaki savdosini taqiqlash orqali qancha odamni umrini saqlab qolish mumkin?

Tamaki

Tamaki iste’moli haqida har doim gapiriladi. Ushbu odatni tashlash yoki zarari qanchalik ekanligini ta’kidlovchi ijtimoiy roliklarni ham sanog‘i yo‘q. Hamma tamaki zararligini bilasada negadir buni taqiqlovchi qonunlar yoki chekishni tashlagan odamlarni ko‘rish amrimahol. Lekin, bugungi kunga kelib olimlar ko‘plab izlanishlar natijasida ushbu illatni yo‘qotish ildizdan boshlanishi kerak degan qarorga kelishdi, ya’ni “Tamakisiz avlod” dasturi ishlab chiqildi. Hech hisoblab ko‘rganmisiz, dunyoda nechta chekuvchi bor va tamaki ortidan qancha odam halok bo‘ladi?

Har beshinchi odam kashanda

Hozirgi vaqtda dunyo bo‘yicha taxminan 1,25 milliard kattalar tamaki iste’mol qiladi. Bu umumiy aholi soniga nisbatan qariyb har besh odamdan biri tamaki mahsulotlari iste’mol qilayotganini anglatadi. Ammo, bu raqam yillar davomida kamayib bormoqda. Masalan, 2000-yilda har uch kishidan biri tamaki iste’mol qilgan bo‘lsa, 2022-yilga kelib bu ko‘rsatkich sezilarli darajada pasaydi​.

Tamaki iste’molining eng yuqori darajasi Janubi-Sharqiy Osiyo (26,5 foiz) va Yevropa (25,3 foiz) hududlarida kuzatilmoqda​.

Yiliga 8 million qurbon

Statistik ma’lumotlarga qaraganda, dunyoda tamaki iste’moli tufayli yiliga o‘rtacha 8 million kishi halok bo‘ladi. Ulardan qariyb 7 millioni bevosita tamaki iste’mol qilish oqibatida, qolgan 1,2 million kishi esa passiv chekish, ya'ni boshqa odamlarning tamaki tutunini nafas olish tufayli vafot etmoqda​.

Tamaki iste’moli nafaqat o‘lim holatlariga olib keladi, balki yurak-qon tomir kasalliklari, o‘pka saratoni va boshqa ko‘plab surunkali kasalliklar uchun asosiy sabab hisoblanadi.

Tamaki savdosini yoshlarga taqiqlash

Santyago-de-Kompostela universiteti hamda Saratonni o‘rganish xalqaro agentligi ma’lumotiga ko‘ra, tamaki mahsulotlari sotilishining taqiqlanishi dunyo bo‘yicha bir milliondan ortiq insonning umrini saqlab qoladi. Tadqiqot natijalari The Lancet Public Health jurnalida e’lon qilindi.

Olimlar tuzgan ssenariyga ko‘ra, tamaki sotuvi 2006-yil 1-yanvaridan 2010-yil 31-dekabrigacha oraliqda tug‘ilganlar uchun taqiqlanadi. Ular shu mezonda 185 mamlakatda tamakisiz avlodning saratondan o‘lim xavfiga ta’sirini o‘rganishdi. Tamakisiz avlod dasturi dunyo miqyosida amalga oshsa o‘pka saratonidan o‘limlarning 1,1 milliontasi yoki 40,2 foizining oldi olinadi.

Saraton kasalliklari orasida keng tarqalishi bo‘yicha o‘pka saratoni ikkinchi o‘rinda, o‘lim holatlari bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi. Har yili o‘pka saratoni 1,8 millionga yaqin insonning o‘limiga sabab bo‘lyapti. Bu kasallikka yo‘liqishning bosh omili — tamaki chekish.

Dunyoning barcha mamlakatlarida chekuvchilar ulushi 5 foizgacha kamayadi

JSST ekspertlari va boshqa shifokorlarning fikricha, butun dunyo bo‘ylab chekishni kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlarni yanada rivojlantirish 2050-yilga kelib chekuvchi erkaklar va ayollar salmog'ining sezilarli darajada pasayishiga olib keladi.

“Asrning o‘rtalariga kelib, butun dunyo bo‘ylab chekuvchi erkaklarning ulushi hozirgi 28,5 foizdan 21,1 foizgacha, ayollar esa 5,9 foizdan 4,8 foizgacha kamayadi. Natijada, chekuvchilarning umumiy soni sezilarli darajada kamayib, chekuvchi erkaklar soni 1,04 milliardni, ayollar esa 201 millionni tashkil etadi”, – deydi ekspertlar.

Professor Vollset va uning hamkasblari ta’kidlashicha, chekishga qarshi keng qamrovli dastur amalga oshirilsa, yanada sezilarli natijalarga erishish mumkin, uning doirasida asrning o‘rtalariga kelib dunyoning barcha mamlakatlarida kashandalar ulushi 5 foizgacha kamayadi.

 

Chekishi tashlashning organizmga ta’siri

Chekish qon tomirlarining torayishi va arterial bosimning koʻtarilishiga sabab boʻladi. Sigaretdan voz kechgandan 24 soat oʻtib, miokard infarkti xavfi pasaya boshlaydi, yurak va qon tomirlari me'yorda ishlashi tiklanadi.

 Sigaret tarkibidagi nikotin va boshqa kimyoviy moddalar asab tizimiga zarar yetkazishi tufayli insonda ta'm va hid sezish qobiliyati yomonlashadi. Chekishni tashlagan odamda 48 soatdan keyin bu hislar yaxshilanadi.

Nikotin va boshqa toksinlar bronxlarda spazmlar keltirib chiqarib, nafas olish tizimi faoliyatiga salbiy ta'sir koʻrsatadi. 72 soat ichida bronx mushaklari boʻshashib, nafas yoʻllari shilliq va boshqa ifloslanishlardan tozalanadi.

2 haftadan 1 yilgacha sodir bo‘ladigan ijobiy o‘zgarishlar

2-12 hafta ichida tamakidan voz kechgan insonda qon aylanishi va oʻpka faoliyati yaxshilanadi. Bu esa organlar va toʻqimalarning kislorod va ozuqa moddalari bilan toʻyinishiga xizmat qiladi. 3-9 oy oʻtib, yoʻtal va nafas qisishi kamayadi.

1 yildan keyin yurak ishemik kasalligiga chalinish xavfi ikki barobarga kamayadi. Chekish insultning asosiy sabablaridan biri ekanligi sir emas. Sababi u qon tomirlarning torayishiga olib kelib, tromb hosil boʻlish ehtimolini oshiradi. Bu zararli odatdan voz kechgan odamda 5 yildan soʻng insult xavfi chekmaydiganlar darajasiga tushadi.

Теги :
Jamiyat