Osmonda ham “patrul” xizmati bormi? “Ko‘zilg‘amas” qahramonlar bayrami
Har kuni minglab samolyotlar osmondan uchib o‘tadi. Ularning belgilangan yo‘nalishda harakatlanishi, boshqa havo kemalari bilan xavfsiz masofani saqlashi va manziliga eson-omon yetib borishida aviadispetcherlarning o‘rni beqiyos. Dispetcherlar radar ekranlari qarshisida turib, bir vaqtning o‘zida o‘nlab parvozlarni kuzatadi, uchuvchilar bilan aloqa qiladi va zarur vaziyatlarda tezkor qarorlar qabul qiladi.
7 daqiqa o‘qiladi

Aviadispetcherlarning mas’uliyati va mahorati ayniqsa favqulodda vaziyatlarda yaqqol namoyon bo‘ladi. Dunyo aviatsiyasi tarixida ularning tezkor harakati va to‘g‘ri qarorlari tufayli yuzlab insonlar hayoti saqlab qolingan voqealar tez-tez tilga olinadi. Masalan, qushlar bilan to‘qnashib ikkala dvigateli kuygan samolyot dispetcher yordamida xavfsiz qo‘ndirilgan, 11-sentyabr voqealaridan so‘ng, Kanadaning kichik shahrida joylashgan aviatsiya boshqaruv markazi dispetcherlari 38 ta samolyotni qabul qilib, minglab yo‘lovchilarni shaharga joylashtirgan, radioaloqa uzilganda dispetcher chiroqlar yordamida samolyotni qo‘ndirgan.
Qizig‘i, bu borada O‘zbekiston aviatsiya tizimining ham o‘ziga xos tajribasi va hikoya qilishga arzigulik voqealari bor. Shu munosabat bilan biz UZ24.uz jamoasi “O‘zaeronavigatsiya” markazi bilan bog‘lanib parvozlar xavfsizligini ta’minlaydigan mutaxassislar faoliyati, ularning kundalik ishi va favqulodda vaziyatlarda qanday harakat qilinishi haqida ma’lumotlar oldik.
Xalqaro havo harakati dispetcherlari kuni
Bugun, 20-oktyabr — Xalqaro havo harakati dispetcherlari kuni. Ushbu sana 1961-yilda Xalqaro havo harakati dispetcherlari assotsiatsiyalari federatsiyasi (IFATCA) tashkil etilgan kun bilan bog‘liq. Bu yilgi bayram shiori esa “Ularni sohaga jalb qilish, qadrlash va saqlab qolish” deb nomlandi. Shior sohada malakali mutaxassislarni tayyorlash, ularning mehnatini e’tirof etish va tajribali kadrlarni saqlab qolish muhimligini ta’kidlaydi.
IFATCAning asosiy maqsadi havo harakatini boshqarish xavfsizligini oshirish, sohadagi texnologiyalarni unifikatsiya qilish hamda aviadispetcherlarning kasbiy manfaatlarini xalqaro miqyosda himoya qilishdan iborat. Bugungi kunda federatsiya 130 dan ortiq mamlakatdagi mutaxassislarni birlashtiradi va 50 mingdan ortiq aviadispetcherlarning manfaatlarini ifodalaydi.
Bunday xalqaro hamkorlikning ahamiyati bejiz emas. Chunki havo harakatini boshqarish nafaqat yuqori malaka, balki kuchli diqqat va ruhiy barqarorlikni ham talab qiladigan kasblardan biridir. Dispetcherning kichik xatosi ham parvozlar xavfsizligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. U bir vaqtning o‘zida radardagi o‘nlab samolyotlarni kuzatishi, ob-havo sharoitini tahlil qilishi, uchuvchilar bilan radioaloqa orqali ingliz tilida aniq muloqot qilishi va kutilmagan vaziyatlarda soniyalar ichida to‘g‘ri qaror qabul qilishi kerak.
O‘zbekistondagi aeronazorat
O‘zbekiston Respublikasi havo hududida parvozlar xavfsizligini ta’minlash va havo harakatini boshqarish uchun mas’ul bo‘lgan yagona davlat organi “O‘zaeronavigatsiya” markazi hisoblanadi. Korxona 1991-yilda O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng mamlakat havo sarhadlarini mustaqil boshqarish maqsadida tuzilgan. Markaz O‘zbekistonning 479 842 kv. km maydonga ega havo hududini va umumiy uzunligi 24 000 km dan ortiq bo‘lgan xalqaro va mahalliy havo yo‘laklarini (trassalarini) to‘liq nazorat qiladi. Shuningdek, korxona tomonidan 2025-yilda tranzit reyslardagi 158 519 ta va aerodromlar hududidagi 113 160 ta havo kemasiga xizmat ko‘rsatilgan.
Markaz vakillarining ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda korxona joriy etgan zamonaviy texnologiyalardan biri – TAD Industries kompaniyasining aviadispetcherlar charchog‘ini nazorat qilish va monitoring qilish tizimi. Ushbu texnologiya dispetcherlarning charchoq holatini kuzatish va u bilan bog‘liq xavflarni o‘z vaqtida aniqlashga ko‘maklashadi. Chunki havodagi harakatni boshqarishda inson omili muhim ahamiyatga ega, mutaxassislarning ish qobiliyatini saqlash esa parvozlar xavfsizligining muhim shartlaridan biridir.
Korxonadagi yana bir muhim loyiha ATM, ya’ni Safe Sky raqamli platformasi hisoblanadi. Ushbu texnologiya uchuvchisiz uchish apparatlari parvozlarini hisobga olish, ularning harakatini kuzatish, elektron xaritada aks ettirish va tegishli ma’lumotlar bilan ishlash imkonini beradi. Platforma doirasida operatorlar va uchuvchisiz uchish apparatlari haqidagi ma’lumotlarni ro‘yxatga olish, parvozlarni hisobga olish hamda parvoz oldidan biometrik tekshiruv kabi imkoniyatlar ham nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, markaz faoliyatidagi yana bir muhim yo‘nalish – AVION kompaniyasi orqali aeronavigatsiya vositalarini havoda tekshirish. “O‘zaeronavigatsiya” tomonidan tashkil etilgan ushbu kompaniya maxsus jihozlangan Diamond DA62 MPP samolyoti negizidagi uchuvchi laboratoriya yordamida radiotexnik va navigatsiya vositalarining ishlash aniqligi hamda belgilangan texnik talablarga muvofiqligini baholashga ixtisoslashgan. Bunday parvoz tekshiruvlari aeronavigatsiya uskunalarining ishonchli ishlashini tasdiqlash va parvozlar xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
Jiddiy va bosimli jarayonlardan tashqari, markazda qiziqarli voqealar tez-tez sodir bo‘ladi. Korxona vakilining ta’kidlashicha, kimdir dispetcher bo‘lib ishlashini aytsa, ayrimlar undan aviachiptalarni arzonroq olib berishni so‘rar ekan. Yana ba’zilar aviadispetcherlarni aeroportda reyslar vaqtini e’lon qiladigan xodimlar bilan adashtiradi. Aslida ularning vazifasi samolyotlar harakatini boshqarish va parvozlar xavfsizligini ta’minlashdan iborat. Shunday paytlarda markaz xodimlariga kasblarining o‘ziga xos jihatlarini birma-bir tushuntirishga to‘g‘ri keladi.
Xorijiy mamlakatlarning o‘zbek aviahududidan foydalanishi ortdi
Markaz faoliyatida xorijiy aviakompaniyalar bilan bog‘liq jiddiy hodisalar muhim o‘rin tutadi. Masalan, 2021-yil avgust oyida (15-avgust Kobul qulashi) Afg‘oniston havo hududi (Kabul FIR) fuqarolik havo harakati xizmatlari jihatidan deyarli nazoratsiz holatga tushdi. Ko‘plab xalqaro aviakompaniyalar (British Airways, KLM, Singapore Airlines, Emirates va boshqalar) Afg‘oniston havo hududidan o‘tishni to‘xtatib, yo‘nalishlarni o‘zgartirdi. AQSh Federal avaitsiya boshqarmasi va boshqa regulyatorlar ham cheklovlar kiritdi. Lekin, O‘zbekiston qo‘shimcha aviaqatnovlarni qabul qilishga tayyorligini bildirgan. Bundan so‘ng jahon mamalakatlarining O‘zbekiston havo hududidan foydalanishi ortib bordi. Masalan, Germaniyaning A400M samolyoti Kobulga qo‘na olmagach, Toshkentga yo‘naltirildi. AQSh, Germaniya, Shveysariya va boshqa davlatlar O‘zbekiston aeroportlari va havo hududidan tranzit, qo‘nish hamda logistika uchun foydalandi. Bundan tashqari, Afg‘oniston Harbiy havo kuchlariga tegishli taxminan 22 ta samolyot va 24 ta vertolyot Termizga qo‘ndi. Bu holat chegarada chigal vaziyatlarni keltirib chiqargan va hatto afg‘on samolyoti o‘zbek MiG-29 samolyoti bilan to‘qnashgani haqida xabarlar ham bor.
A320 do‘l hodisasi
Markaz bilan bog‘liq yana bir qiziqarli hodisa 2024-yil 3-avgustda ro‘y bergan. Uzbekistan Airways kompaniyasining A320 samolyoti Krasnoyarsk – Toshkent yo‘nalishida uchayotganda do‘l zonasiga duch kelgan. Hodisa Rossiya–Qozog‘iston chegarasi ustida, taxminan 11 000 m balandlikda sodir bo‘lgan. Do‘l natijasida ekipaj kabinasining oynalari va meteorologik radarning burun konusi (kok) shikastlangan. Ekipaj belgilab berilgan protseduralarni bajarib, parvozni davom ettirishga qaror qilgan va Toshkentga xavfsiz qo‘ngan.
Qalin tumanda dispetcherlar zimmasidagi mas’uliyat
O‘zbekistonning ayrim hududlarida quyuq tuman tushsa, aeroportlarda parvozlar vaqtincha cheklanishi mumkin. Bunday paytda ayrim reyslar kechiktiriladi yoki samolyotlar boshqa aeroportlarga yo‘naltiriladi. Masalan, Toshkent aeroportida qo‘nish imkoni bo‘lmasa, samolyotlar Samarqand, Navoiy yoki boshqa aeroportlarga yo‘naltirilishi mumkin. Agar bir nechta aeroportda ob-havo yomonlashsa, vaziyat yanada murakkablashadi.
Shunday paytlarda “O‘zaeronavigatsiya” dispetcherlarining tezkor qarorlari muhim ahamiyatga ega. Ular samolyotlar harakatini kuzatadi, havo kemalari orasidagi xavfsiz masofani saqlaydi va uchuvchilar bilan doimiy aloqada bo‘ladi. Yo‘lovchilarga ko‘rinmaydigan bu mehnat parvozlar xavfsizligini ta’minlashda katta rol o‘ynaydi.
Inson hayoti uchun osmondagi kurash
O‘zbekiston xalqaro tranzit yo‘nalishlarida joylashgani sababli, tibbiy favqulodda holat yuz bergan samolyotlar Toshkent, Samarqand yoki boshqa mos aeroportlarga yo‘naltirilishi mumkin. Bunday holatda dispetcherlar samolyotning ustuvor qo‘nishini muvofiqlashtiradi va aeroport xizmatlarini oldindan ogohlantiradi. Samolyot yerga qo‘ngach, tibbiy brigada bemorni kutib oladi. Bunga 2023-yil may oyida yuz bergan voqea misol bo‘la oladi. Mahan Air aviakompaniyasining Tehron–Pekin yo‘nalishidagi IRM079 reysi yo‘lovchilardan birining yurak xuruji sababli Toshkent aeroportiga favqulodda qo‘ngan.
Shunday vaziyatlarda osmondagi minglab metr balandlikda boshlangan kurashning natijasi yerdagi tibbiy yordamga qanchalik tez yetib borishga bog‘liq bo‘ladi. Ana shunday paytlarda aviadispetcherlar ko‘zga ko‘rinmasa-da, inson hayoti uchun kurashning muhim ishtirokchisiga aylanadi.
Kelajakda sun’iy intellekt aviadispetcherlar o‘rnini to‘liq egallashi mumkinmi?
Biz shu savol bilan markaz vakiliga yuzlandik. U esa quyidagicha javob berdi: “Sun’iy intellekt va avtomatlashtirish aeronavigatsiya sohasida katta imkoniyatlarga ega. Ular katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilish, ehtimoliy xavflarni aniqlash, qaror qabul qilishni qo‘llab-quvvatlash va ish jarayonlarini samaraliroq tashkil etishga yordam berishi mumkin. Biroq havodagi harakatni boshqarish nafaqat texnik hisob-kitoblar, balki murakkab vaziyatlarni baholash, tezkor qaror qabul qilish va yuqori darajadagi mas’uliyatni ham talab qiladi. Kutilmagan holatlarda vaziyatni har tomonlama baholash va to‘g‘ri qaror chiqarish alohida ahamiyat kasb etadi.
Shu sababli yaqin istiqbolda sun’iy intellektni inson mutaxassisining o‘rnini to‘liq egallaydigan vosita sifatida emas, balki uning imkoniyatlarini kengaytiruvchi texnologiya sifatida ko‘rish maqsadga muvofiq. Bunday tizimlarni joriy etishda parvozlar xavfsizligi, ishonchlilik va xalqaro talablar asosiy mezon bo‘lib qoladi”.
Aviatsiyada til qanday ahamiyatga ega?
Markaz xodimlarining ta’kidlashicha, aviatsiyada kundalik suhbatlardagi norasmiy iboralardan ko‘ra, aniq va standart kasbiy terminologiya muhimroq. Radioaloqada har bir so‘z va ko‘rsatma belgilangan qoidalarga muvofiq qo‘llanadi. Chunki noto‘g‘ri tushunilgan birgina jumla ham parvozlar xavfsizligiga ta’sir qilishi mumkin. Shunga qaramay, dispetcherlar jamoasida kasbga xos hazillar va norasmiy iboralar ham uchrab turadi. Biroq efirdagi muloqotda aniqlik va tushunarlilik doimo ustuvor hisoblanadi.
Ta’kidlanishicha, turli mamlakatlardan kelgan uchuvchilarning ingliz tilidagi aksentlari haqida gap ketganda biror mamlakat aksentini boshqalaridan qiyinroq deb ajratish to‘g‘ri emas. Xalqaro aviatsiyada uchuvchilar va aviadispetcherlar ICAO belgilagan til talablari asosida muloqot qiladi. Bunda ingliz tilini kamida 4-darajada bilish, nutqning tushunarliligi va kasbiy vaziyatlarda samarali aloqa o‘rnatish muhim. Nutq tezligi, talaffuz va radioaloqa sifati ham suhbatni tushunishga ta’sir qilishi mumkin. Shu sababli, standart frazeologiyaga rioya qilish va zarur hollarda ma’lumotni qayta aniqlashtirish parvozlar xavfsizligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.



