Seshanba, 20-oktabr, 2026
Havo 86 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
⛅ +17° kechasi +9°

5 kunlik matbuot kotibi AQSh prezidentining rejasini fosh qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp bilan tushilgan oddiy esdalik surati katta mojaroga sabab bo‘ldi. Oq uyda atigi besh kun ishlagan Keti Zaxariya lavozimidan ketgach, prezident bilan Oval kabinetda tushgan fotosuratini internetga joyladi.

3 daqiqa o‘qiladi

Zaxariya

Ammo odamlarning e’tiborini Tramp yoki uning yonida turgan Zaxariya emas, prezident stolida yotgan xarita tortdi. Suratdagi shu kichik detal Oq uy ilgari ochiqlamagan rejalar haqidagi bahslarni yana avj oldirdi.

Xiralashtirilgan xaritada nima bor edi?

Zaxariya e’lon qilgan suratda Tramp Oval kabinetdagi ish stolida tabassum qilib o‘tirgan, sobiq matbuot kotibi esa uning yonida turgan. Prezidentning stoli ustida xarita yotgani ko‘rinadi. Uning tasviri xiralashtirilgan bo‘lsa-da, ayrim kuzatuvchilar unda Vashingtondagi tarixiy Ist-Potomak parkini taniganini aytmoqda.

Tramp aynan shu parkdagi golf maydonini qayta qurmoqchi. Bu masala bir necha oydan beri bahslarga sabab bo‘lib kelmoqda.

Golf maydoni uchun 400 dan ortiq daraxt kesilgan

Golf maydonini yangilash ishlari doirasida parkdagi 400 dan ortiq daraxt kesib tashlangan. Bu esa tabiatni himoya qiluvchi faollarning noroziligiga sabab bo‘lgan. Keyinchalik federal sudya daraxtlarni kesish ishlarini vaqtincha to‘xtatgan. Tramp ma’muriyati esa sudyani ularga nisbatan “dushmanlik”da ayblagan.

Bungacha hukumat golf maydonini qayta qurish bo‘yicha yakuniy loyiha hali tayyor emasligini bildirgan edi. Rasmiylarga ko‘ra, loyiha avval ekologik tekshiruvdan o‘tishi va tarixiy merosni asrash talablariga javob berishi kerak.

Ammo Trampning stolidagi xarita bu gaplarga shubha uyg‘otdi. Ist-Potomak parkini saqlab qolish uchun kurashayotgan Save East Po guruhi hukumatni yolg‘on gapirishda aybladi.

“Hukumatning ‘Bizda reja yo‘q’ degan gapi yolg‘on ekanini prezident stolidagi mana shu xaritadan yaxshiroq nima isbotlay oladi?” — deya kinoya qildi faollar. Biroq suratning o‘zi yakuniy loyiha tayyor ekanini to‘liq isbotlamaydi.

Tramp golf maydonini 15 oyga yopmoqchi

Surat atrofidagi shov-shuvdan keyin Tramp golf maydonini qayta qurish rejasi borligini tan olgani xabar qilindi. Rejaga ko‘ra, tarixiy golf maydoni 15 oyga yopilishi mumkin. Shu vaqt ichida uni yangilab, jahon darajasidagi golf turnirlarini o‘tkazishga moslashtirish ko‘zda tutilgan.

Ammo loyihaga qarshi chiqayotgan faollar va sud jarayonlari qurilish ishlariga to‘sqinlik qilishi mumkin. Zaxariya esa surat sabab yuzaga kelgan mojaroda o‘zini aybdor hisoblamayapti. U oddiy, samimiy va chiroyli fotosuratdan katta janjal chiqarilayotganidan noroziligini bildirgan. Oq uyning kommunikatsiyalar bo‘yicha direktori Stiven Chung ham jurnalistlarni tanqid qilib, ular “bezarar surat”ga ortiqcha e’tibor qaratayotganini aytgan.

Zaxariya nega atigi besh kun ishladi?

Keti Zaxariya 9-oktyabr kuni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlangan. 13-oktyabrda esa ilk matbuot anjumanini o‘tkazgan. Uchrashuv 15 daqiqadan sal ko‘proq davom etgan. Zaxariya atigi uch nafar jurnalistga savol berish imkonini bergan va barcha savollarga javob bera olmagan. Shundan so‘ng uning ishni muvaffaqiyatsiz boshlagani haqida tanqidlar paydo bo‘lgan.

Bundan tashqari, Zaxariyaning advokat ekani ham savol ostida qolgan. Tramp uni advokat deb tanishtirgan, Zaxariyaning o‘zi esa Fox News efirlarida yurist ekanini aytgan. Ammo jurnalistlar uning advokatlik huquqini beruvchi imtihondan o‘tganini tasdiqlovchi ma’lumot topa olmagan. Keyinchalik Zaxariya bu imtihondan o‘ta olmaganini tan olgan.
Shu tariqa, uning Oq uydagi faoliyati bor-yo‘g‘i besh kun davom etgan. Ishdan ketganidan keyin e’lon qilgan surati esa Trampning bahsli golf maydoni loyihasini yana muhokamalar markaziga olib chiqqan.