$
 12948.10
-9.04
 14696.09
-6.38
 156.93
0.37
weather
+26
Кечаси   +14°
textileads

Chekishni tashlagan inson organizmida qanday oʻzgarishlar roʻy beradi?

chekish

Tahlillarga koʻra, tamaki chekish oqibatida dunyoda har yili oʻrtacha 8 million kishi hayotdan koʻz yumadi. Chekish inson umrini taxminan 10 yilga qisqartirishi ham olimlar tomonidan isbotlangan fakt. Bu dahshatli statistika har bir chekuvchi insonni bu zararli odatdan voz kechishga undashi kerak.

Xoʻsh, sigaretdan voz kechgandan keyin organizmda qanday oʻzgarishlar roʻy beradi?

Chekishni tashlagandan keyingi o‘zgarishlar

 Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Zarifjon Ashurov:

 “Chekishni tashlagandan soʻng dastlabki oʻzgarishlar bir necha daqiqa ichida boshlanadi. Xususan, 20 daqiqadan keyin puls va arterial bosim normallashib, qon aylanishi yaxshilanadi. 8 soatdan soʻng qondagi uglerod monoksid miqdori kamayadi, kislorod esa normal koʻrsatkichga qaytadi. Bu, oʻz navbatida, toʻqimalarda gipoksiya paydo boʻlishining oldini oladi”, – deydi mutaxassis.

24 soatdan 72 soatgacha nimalar o‘zgaradi?

 Chekish qon tomirlarining torayishi va arterial bosimning koʻtarilishiga sabab boʻladi. Sigaretdan voz kechgandan 24 soat oʻtib, miokard infarkti xavfi pasaya boshlaydi, yurak va qon tomirlari me'yorda ishlashi tiklanadi.

 Sigaret tarkibidagi nikotin va boshqa kimyoviy moddalar asab tizimiga zarar yetkazishi tufayli insonda ta'm va hid sezish qobiliyati yomonlashadi. Chekishni tashlagan odamda 48 soatdan keyin bu hislar yaxshilanadi.

Nikotin va boshqa toksinlar bronxlarda spazmlar keltirib chiqarib, nafas olish tizimi faoliyatiga salbiy ta'sir koʻrsatadi. 72 soat ichida bronx mushaklari boʻshashib, nafas yoʻllari shilliq va boshqa ifloslanishlardan tozalanadi.

2 haftadan 1 yilgacha sodir bo‘ladigan ijobiy o‘zgarishlar

2-12 hafta ichida tamakidan voz kechgan insonda qon aylanishi va oʻpka faoliyati yaxshilanadi. Bu esa organlar va toʻqimalarning kislorod va ozuqa moddalari bilan toʻyinishiga xizmat qiladi. 3-9 oy oʻtib, yoʻtal va nafas qisishi kamayadi.

1 yildan keyin yurak ishemik kasalligiga chalinish xavfi ikki barobarga kamayadi. Chekish insultning asosiy sabablaridan biri ekanligi sir emas. Sababi u qon tomirlarning torayishiga olib kelib, tromb hosil boʻlish ehtimolini oshiradi. Bu zararli odatdan voz kechgan odamda 5 yildan soʻng insult xavfi chekmaydiganlar darajasiga tushadi.

O‘pka saratoni

 Tamaki tutunidagi toksinlar hujayralarda mutatsiyalarni keltirib chiqarishi sababli ular saraton rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Ammo chekishni tashlash kanserogenlar ta'sirini kamaytiradi va hujayralarning tiklanishiga yordam beradi — 10 yildan soʻng oʻpka saratoni xavfi chekuvchilarga qaraganda ikki barobarga kamayadi. Buning natijasida ogʻiz boʻshligʻi, tomoq, oshqozon raki ehtimoli ham pasayadi.

Yurak-qon tomir kasalliklari

 15 yil oʻtib, yurak ishemik kasalligi va miokard infarkti xavfi chekmaydiganlar darajasiga qaytadi. Yurak va qon tomirlari chekish oqibatida yetkazilgan zarardan toʻliq tiklanadi. Arterial gipertoniya, ateroskleroz va boshqa yurak-qon tomir kasalliklari xavfi kamayadi.

 Toʻgʻri, chekishni tashlash ham ruhiy, ham jismoniy jihatdan oson kechmaydi. Nikotinga qaramlikdan qutilish uchun vaqt, sabr va iroda kerak. Ammo astoydil harakat qilib, har bir inson, hatto koʻp yillar davomida chekib kelganlar ham buni uddalashi mumkin.

Теги :
Jamiyat