AQShga import bilan kelgan ofat: O‘rmonlar birin-ketin qurimoqda
AQShda milliardlab daraxtlar xorijdan kirib kelgan zararkunandalar sabab nobud bo‘lmoqda.
3 daqiqa o‘qiladi

Hasharotlar va turli kasalliklarni tarqatuvchi mikroblar mamlakatga import mahsulotlari, o‘simliklar va yog‘och qutilar orqali kirib kelgan. Oqibatda ayrim hududlarda butun boshli o‘rmonlar qurib, ularning o‘rnini tikanli butalar egallagan. Bu haqda The New York Times xabar berdi.
Zararkunandalar o‘rmonlarni qanday yo‘q qilmoqda?
Eng katta zarar AQShning shimoli-sharqiy hududlarida kuzatilmoqda. Bu yerda turli daraxtlar ko‘p o‘sadi va xorijdan ham katta miqdorda mahsulot olib kelinadi. Import yuklari bilan birga kelgan hasharotlar esa daraxtlarga zarar yetkazib, ularni asta-sekin quritmoqda. Ayrim joylarda daraxtlar kamayib ketganidan o‘rmonlar o‘rnida tikanli butalar va chirmashib o‘sadigan o‘simliklar paydo bo‘lgan.
Pretoriya universiteti olimi Bernard Slippersning aytishicha, xalqaro savdo tufayli hasharotlar va mikroblar bir mamlakatdan boshqasiga juda tez tarqalmoqda. Bu esa tabiat uchun katta xavf tug‘diryapti.
Birgina qo‘ng‘iz oltita daraxt turini xavf ostiga qo‘ydi
Eng ko‘p zarar ko‘rgan daraxtlardan biri shumtol hisoblanadi. 2002-yilda Detroyt yaqinida bu daraxtlarni nobud qiladigan zumrad rangli qo‘ng‘iz aniqlangan. Oradan salkam 20 yil o‘tib, Shimoliy Amerikada o‘sadigan shumtolning oltita asosiy turi yo‘qolib ketish xavfi ostida qolgan.
Boshqa daraxtlar ham zararlanmoqda. Shiraga o‘xshash mayda hasharotlar tsuga nomli ignabargli daraxtlarni quritmoqda. Yaponiyadan kirib kelgan mikroskopik chuvalchanglar esa 2012-yildan beri buk daraxtlarining barglariga zarar yetkazyapti.
Daraxtlarni saqlab qolish milliardlab dollarga tushmoqda
Zararkunandalarning tarqalishini kamaytirish uchun 2002-yilda xalqaro savdoda ishlatiladigan yog‘och qutilarni issiqlik yoki maxsus gaz bilan zararsizlantirishga kelishilgan. Bu chora natijasida zararkunanda aniqlangan yuklar ulushi taxminan uchdan bir qismdan yarmigacha kamaygan. Lekin olimlarning aytishicha, hamma ham bu qoidalarga amal qilmayapti.
Daraxtlarni davolash ham katta mablag‘ talab qiladi. 2011-yildagi hisob-kitoblarga ko‘ra, AQShda zararlangan daraxtlarni kesish, yangisini ekish va davolash mahalliy hokimiyatlarga yiliga qariyb 1,7 milliard dollarga tushadi. Bitta daraxtni hasharotlardan himoya qilishning o‘zi 150 dollargacha turishi mumkin.
Olimlar esa muammoni hal qilishning boshqa yo‘llarini izlamoqda. Kornell universiteti tadqiqotchilari zararkunandalarni yeb yo‘q qiladigan yuz minglab pashsha va qo‘ng‘izlarni o‘rmonlarga qo‘yib yuborgan. Shuningdek, hasharotlarga chidamli yangi daraxt navlarini yaratish ustida ham ishlanmoqda.
Xavf AQSh bilan cheklanmayapti
Xalqaro savdo orqali begona hasharotlar boshqa mamlakatlarga ham kirib bormoqda. Masalan, Osiyo yo‘lbars chivini Yevropada tobora keng tarqalyapti. Bu chivin denge isitmasi, chikungunya va Zika kabi xavfli viruslarni yuqtirishi mumkin.
Yevropa kasalliklarning oldini olish va nazorat qilish markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2013-yilda bu chivin 114 ta hududda uchragan. 2025-yil iyuniga kelib esa Yevropaning 16 mamlakatidagi 369 ta hududda doimiy tarqalgan.
Olimlar zararkunandalarning boshqa mamlakatlarga kirib kelishini to‘xtatish uchun import mahsulotlari ustidan nazoratni kuchaytirish kerakligini ta’kidlamoqda.




