Samarqandda metro quriladi
Samarqandda 6 kilometr uzunlikdagi yerusti metro liniyasini qurish rejalashtirilmoqda. Metro shaharda bunyod etilayotgan “Shirin” shaharchasidan o‘tadi.
1 daqiqa o‘qiladi

Yangi transport tizimi 150 ming kishiga mo‘ljallangan shaharchada aholining kundalik qatnovini yengillashtirish uchun tashkil etiladi.
Metro 10 milliard dollarlik loyiha doirasida quriladi
Yerusti metrosi Samarqanddagi “Shirin” zamonaviy shaharchasi loyihasining bir qismi hisoblanadi. Qiymati 10 milliard dollarga baholangan shaharcha Zarafshon daryosi bo‘yidagi 665 gektar maydonda barpo etiladi. Loyihaga ko‘ra, bu yerda 254 ta zamonaviy turar joy binosi, 19 ta biznes markazi, 50 ta ijtimoiy obyekt va 89 ta savdo-ko‘ngilochar maskan quriladi.
Aholining qulay harakatlanishi uchun metro liniyasidan tashqari 112 kilometr ichki yo‘l, piyodalar va velosiped yo‘laklari tashkil etiladi.
Yangi ko‘prik Samarqandga boradigan yo‘lni qisqartiradi
“Shirin” shaharchasini Samarqand bilan bog‘lash maqsadida Qoradaryo ustidan 780 metr uzunlikdagi ko‘prik qurilmoqda. Uning qiymati 310 milliard so‘mni tashkil etadi. Ko‘prik foydalanishga topshirilgach, shaharchagacha bo‘lgan yo‘l 23 kilometrdan 4 kilometrga qisqarishi kutilmoqda.
Loyihani tezlashtirish uchun “Yangi Toshkent”ga berilgan imtiyozlar “Shirin” shaharchasiga tatbiq etilgan. Hozircha metro qurilishi qachon boshlanishi va poyezdlar qachondan qatnay boshlashi haqida ma’lumot berilmagan.




