Seshanba, 20-oktabr, 2026
Havo 86 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
🌤 +16° kechasi +9°
Читать на русском

Ipoteka uchun subsidiya ajratishdagi korrupsiyaviy xavf omillarini qanday bartaraf etish mumkin?

Talabgorlar o‘rtasida topshirgan arizasiga ko‘ra onlayn navbat shakllantirilmaganligi. Shunga qarab subsidiya limitlarini taxminan bo‘lsa-da taqsimlash mumkin. Tanlov komissiyasi tomonidan arizalarni ko‘rib chiqishning so‘nggi kunlarida ham odamlarda limit taqsimoti bo‘yicha hech qanday tushuncha bo‘lmaydi.

4 daqiqa o‘qiladi

Ipoteka uchun subsidiya ajratishdagi korrupsiyaviy xavf omillarini qanday bartaraf etish mumkin?

O‘zbekistonda ipoteka kreditlari bo‘yicha davlat subsidiyalarini taqsimlash jarayonida korrupsiyaviy xavflarni aniqlash va bartaraf etish maqsadida “Yuksalish” harakati Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda tadqiqot o‘tkazdi. Ushbu tadqiqotda umumlashtirilgan korrupsiyaviy xavf omillari va muhim tavsiyalar berib o‘tildi. 

Aholining subsidiya olish haqida xabardorlik darajasi past

Bunda eng birinchi korrupsiyaviy xavf omili ipoteka krediti uchun subsidiya olish haqida fuqarolarning xabardorlik darajasi pastligi ko‘rsatilgan. Ushbu masalaga yechim sifatida esa Iqtisodiyot va moliya vazirligigasubsidiyalar haqida batafsil ma’lumotlarni subsidiya.idm.uz saytiga yoki my.gov.uz portaliga joylashtirish tavsiyasi berildi. Bunda ariza topshirish uchun zarur hujjatlar, arizalarni ko‘rib chiqish jarayoni, arizalarni ko‘rib chiqish muddatllari, arizalar qabuli boshlanish muddatlari aks etishi zarur.

Tanlov komissiyasi ishi qoniqarsiz

Ikkinchi masala — tanlov komissiyasining yakuniy qaroriga ta’sir ko‘rsatish ehtimoli. Anonim so‘rov ishtirokchilarining 45 foizi tanlov komissiyalarining ishini qoniqarsiz deb baholadi. Ularning fikricha, komissiyalar noxolis ishlaydi va komissiyaning yakuniy qaroriga ta’sir o‘tkazish imkonsiz emas. Bu muammoga yechim esa subsidiyaga talabgorlarni tanlash jarayonining yakuniy bosqichida tanlov komissiyasining majburiy ishtirokini qayta ko‘rib chiqishdir. Talabgorlarning subsidiya olishga munosibligini baholashning aksar qismi avtomatik tarzda o‘tkazilishini hisobga olsak, yakuniy qarorlarni to‘liq avtomatlashtirish ariza berish muddatini qisqartirishi va talabgorlarni tanlash tizimida to‘liq shaffoflikni ta’minlashi mumkin.

Onlayn navbat shakllantirilmagan

Talabgorlar o‘rtasida topshirgan arizasiga ko‘ra onlayn navbat shakllantirilmaganligi. Shunga qarab subsidiya limitlarini taxminan bo‘lsa-da taqsimlash mumkin. Tanlov komissiyasi tomonidan arizalarni ko‘rib chiqishning so‘nggi kunlarida ham odamlarda limit taqsimoti bo‘yicha hech qanday tushuncha bo‘lmaydi. Natijada bu holat fuqarolarning “limitga ilinib olay” degan vaj bilan tanlov komissiyasiga moddiy mablag‘ taklif qilish, boshqa nohalol xatti-harakatlar uchun yo‘l ochib berish ehtimolini oshiradi. Bunday sharoitda yagona portalda yoki boshqa ochiq resurslarda subsidiya olishga talabgorlarning navbatini ularning arizasiga beriladigan ID raqam orqali onlayn rejimda ko‘rsatish lozim. Bu fuqarolarga mavjud limit doirasida subsidiya olish imkoniyatlari qanchalik bor-yo‘qligini bilishga yordam beradi.

Og‘ir ahvoldagi xotin-qizlarning mezonga muvofiqligini aniqlovchi mexanizm yo‘q

Og‘ir ijtimoiy ahvoldagi xotin-qizlarning subsidiya olish mezonlariga muvofiqligini o‘rganishning aniq mexanizmi va metodlari yo‘qligi. Ularning muhtoj toifaga mansubligini aniqlash jarayonida ijtimoiy xodimlarning qay darajada ishtiroki etishi ma’lum emas. BUnga yechim esa ijtimoiy og‘ir ahvolda qolgan xotin-qizlarni o‘rganish va tan olish, bu kabi fuqarolar ipoteka subsidiyasini olish uchun ariza berganida ularni tanlash mezonlarini tartibga soluvchi Nizomni ishlab chiqish va e’lon qilish.

Aniq ro‘yxat yo‘q

Vazirlar Mahkamasining 182-sonli qaroriga muvofiq, agar subsidiya olishga talabgor yoki uning oila a’zolari og’ir surunkali kasalliklardan aziyat chekayotgan, alohida uyda yashashga zarurati yuqori, I guruh nogironligi va nogironligi bo’lgan bolani parvarishlaydigan yolg’iz ayol bo’lsa, tanlov jarayonida unga qo‘shimcha ball beriladi. Biroq aynan qaysi og‘ir kasalliklardan aziyat chekayotgan bo’lishi kerakligi noma’lum, ushbu kasalliklarning Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan ro’yxati ham mavjud emas. Tadqiqot mualliflari bu borada Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligiga kerakli tavsiyani berdi. Unga ko‘ra, subsidiya olishning ijtimoiy mezonlariga kiritilgan surunkali kasalliklarning aniq ro‘yxatini normativ hujjat bilan tasdiqlash va jamoatchilikka ochiqlash. Tegishli ma’lumotlar bazasidan surunkali kasallik haqida ma’lumotni avtomatik ravishda olish uchun bemorlarning markazlashtirilgan ma’lumotlar bazasi bilan subsidiya uchun arizani qabul qilish jarayonini integratsiya qilish; mahalliy tibbiyot muassasalari bemorlarning surunkali kasalliklari haqidagi ma'lumotlarni elektron tarzda kuzatib borishi va ma’lumotlarni,yangilashi uchun bemorlarning barcha kasallik tarixini mahalliy darajada raqamlashtirish.

Korrupsiyaga yoʻl ochuvchi sabablar

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ipoteka krediti boʻyicha davlat subsidiyalarini berishdag normativ-huquqiy bazani tahlil qilish jarayonida bir qator korrupsiyaviy xavf omillari aniqlangani haqida xabar bergan edik. Normativ-huquqiy bazani tahlil qilish jarayonida ipoteka kreditlari uchun subsidiyalar olishga ariza berish jarayoni boshlanishi bilan bogʻliq maʼlumotlar yetarli emasligi, masʼul rasmiy davlat tashkilotlari tomonidan berilayotgan axborotlarda ochiqlik va shaffoflik kamligi aniqlnadi.

Shuningdek, fuqarolarning ijtimoiy muhtojlik, ishga yaroqsizlik mezonlarini baholovchi aniq mexanizm yoʻqligi, bu ayniqsa, ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan ayol talabgorlarni tanlash jarayonida ijtimoiy xodimning aralashuvi darajasiga taalluqli. Qolaversa, talabgor va uning oila aʼzolarida surunkali kasalliklarning ogʻir turlaridan aziyat chekayotgan, alohida uyda yashashga zarurat yuqori, I guruh nogironligi bor, nogironligi boʻlgan bolani parvarishlaydigan yolgʻiz ayol kabi ijtimoiy mezonlar oʻrganilar ekan, bunda tegishli organlar tomonidan tasdiqlangan hamda barchaga ochiq boʻlgan kasalliklar roʻyxati mavjud emas. Hujjatlarni qabul qilish tizimidagi kamchilik: har ikkala oila aʼzosi — er va xotin bir vaqtning oʻzida subsidiya olish uchun ariz topshirganda, tizim ikkala arizani ham tasdiqlaydi.