Dushanba, 19-oktabr, 2026
Havo 93 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +19° kechasi +9°

Toshkentliklar qanchalik boy? Markaziy bank yangi ma’lumotlarni e’lon qildi

2026-yil 1-sentyabr holatiga ko‘ra, Toshkent shahrida bank omonatlari va ajratilgan kreditlar o‘rtasidagi farq 77 trillion so‘mga yetdi. Mamlakatning boshqa barcha hududlarida esa kreditlar hajmi jamg‘armalardan ko‘proq.

2 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bank

2026-yil 1-sentyabr holatiga ko‘ra, Toshkent shahrida bank omonatlari va ajratilgan kreditlar o‘rtasidagi farq 77 trillion so‘mga yetdi. Mamlakatning boshqa barcha hududlarida esa kreditlar hajmi jamg‘armalardan ko‘proq.

O‘zbekistonda kreditlar omonatlardan ko‘p

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-sentyabr holatida O‘zbekiston bank tizimida ajratilgan kreditlarning umumiy hajmi 648,9 trillion so‘mni tashkil etgan.

Shundan 405,3 trillion so‘mi korxonalar va boshqa yuridik shaxslarga, 243,6 trillion so‘mi esa aholiga berilgan.

Banklardagi omonatlarning umumiy hajmi 487,6 trillion so‘mga yetgan. Uning 189,9 trillion so‘mi aholiga, 297,7 trillion so‘mi esa korxonalar va boshqa yuridik shaxslarga tegishli.

Demak, mamlakat bo‘yicha banklardan olingan kreditlar hajmi omonatlarga qo‘yilgan mablag‘lardan ko‘proq.

Toshkent jamg‘armalar bo‘yicha yetakchi

Poytaxt boshqa hududlardan sezilarli darajada ajralib turibdi. Toshkentdagi aholi va korxonalarning bank hisobvaraqlarida jami 370,7 trillion so‘m saqlanmoqda. Shaharda ajratilgan kreditlar hajmi esa 293,7 trillion so‘mni tashkil etadi. Ya’ni omonatlar kreditlardan 77 trillion so‘mga ko‘p.

Faqat aholining mablag‘lari hisoblanganda ham shunday holat kuzatiladi. Toshkentliklarning bank omonatlari 105,4 trillion so‘mga yetgan, ularga ajratilgan kreditlar esa 72 trillion so‘mni tashkil etgan.

Shunday qilib, poytaxt aholisi banklarga qarzidan 33,4 trillion so‘m ko‘proq mablag‘ qo‘ygan.

Qaysi viloyatlarda kreditlar ko‘proq?

Kreditlar hajmi bo‘yicha Toshkentdan keyingi o‘rinda Farg‘ona viloyati turibdi. Bu hududda ajratilgan kreditlar 38 trillion so‘mga yetgan.

Keyingi o‘rinlarni Samarqand viloyati 33,8 trillion so‘m va Toshkent viloyati 30,7 trillion so‘m bilan egallagan.

Omonatlari eng ko‘p va eng kam hududlar

Poytaxtdan tashqari hududlar orasida bank omonatlari bo‘yicha Samarqand viloyati yetakchi. Bu yerda 14,6 trillion so‘m jamg‘arilgan.

Ikkinchi o‘rinda 13,8 trillion so‘mlik omonat bilan Buxoro viloyati turibdi.

Eng kam bank omonatlari esa Sirdaryo viloyatida — 2,3 trillion so‘m va Jizzax viloyatida — 3,9 trillion so‘mni tashkil etgan.

Toshkent O‘zbekistonda bank omonatlari hajmi kreditlardan ko‘p bo‘lgan yagona hudud bo‘lib qolmoqda. Qolgan barcha viloyatlarda esa kreditlar miqdori bankdagi jamg‘armalardan yuqori.