$
 12025.33
-31.99
 14162.23
-30.44
 155.25
0.09
weather
+26
Кечаси   +14°

Ipoteka uchun subsidiya berishda ochiqlik va shaffoflik kam, aniq mexanizm yoʻq, masʼullar ish bitishi uchun pora soʻramoqda

Subsidiya

Ipoteka krediti boʻyicha davlat subsidiyalarini berishdag normativ-huquqiy bazani tahlil qilish jarayonida bir qator korrupsiyaviy xavf omillari aniqlandi. Bu haqda Ipoteka krediti boʻyicha davlat subsidiyalarini berishdagi nohalollik xavflarini baholash boʻyicha tadqiqotda aytilgan.

Korrupsiyaga yoʻl ochuvchi sabablar

Normativ-huquqiy bazani tahlil qilish jarayonida ipoteka kreditlari uchun subsidiyalar olishga ariza berish jarayoni boshlanishi bilan bogʻliq maʼlumotlar yetarli emasligi, masʼul rasmiy davlat tashkilotlari tomonidan berilayotgan axborotlarda ochiqlik va shaffoflik kamligi aniqlnadi.

Shuningdek, fuqarolarning ijtimoiy muhtojlik, ishga yaroqsizlik mezonlarini baholovchi aniq mexanizm yoʻqligi, bu ayniqsa, ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan ayol talabgorlarni tanlash jarayonida ijtimoiy xodimning aralashuvi darajasiga taalluqli.

Qolaversa, talabgor va uning oila aʼzolarida surunkali kasalliklarning ogʻir turlaridan aziyat chekayotgan, alohida uyda yashashga zarurat yuqori, I guruh nogironligi bor, nogironligi boʻlgan bolani parvarishlaydigan yolgʻiz ayol kabi ijtimoiy mezonlar oʻrganilar ekan, bunda tegishli organlar tomonidan tasdiqlangan hamda barchaga ochiq boʻlgan kasalliklar roʻyxati mavjud emas.

Hujjatlarni qabul qilish tizimidagi kamchilik: har ikkala oila aʼzosi — er va xotin bir vaqtning oʻzida subsidiya olish uchun ariz topshirganda, tizim ikkala arizani ham tasdiqlaydi.

Anonim soʻrovnoma oʻtkazildi

Tadqiqot doirasida subsidiya olishga ariza berish jarayonida qatnashgan 205 nafar respondent ishtirokida anonim soʻrov oʻtkazildi: ularning 57 foizi erkaklar va 43 foizi ayollar. 

Erkak-respondenlarning 42 foizi ipoteka subsidiyalarini olish uchun tanlovdan oʻtmagan, 36 foizi ijtimoiy mezonlarga muvofiq deb topilgan va 23 foizi subsidiya toʻgʻrisida xabarnoma olgan olmaganligini bilmagan. Ayrimlar subsidiya olish uchun ariza bermaganliklarini bildirgan.

Ayol-respondentlarning 46 foiziga ijtimoiy mezonlarga javob bermagani uchun subsidiya toʻlanishi rad etilgan, 37 foiziga esa subsidiya toʻlanishi haqida xabarnoma yuborilgan. Xotin-qizlarning 25 foizi (87 nafardan 22 nafari) ogʻir ijtimoiy ahvoldagi ayollar sifatida subsidiya olish uchun ariza topshirgan, ularning 36 foiziga (22 nafardan 8 nafari) rad javobi berilgan.

Masʼullar norasmiy mukofotga shaʼma qilmoqda

Anonim soʻrovda, shuningdek, respondentlarning javoblari asosida ipoteka subsidiyalarini berish jarayonida korrupsiya xavflari bor, degan fikr mavjudligi aniqlandi. Xususan komissiyalar faoliyati boʻyicha salbiy fikrlarni asosan, Toshkent shahridagi respondentlar bildirdi (kelib tushgan umumiy salbiy fikrning 16 foizi).

Bundan tashqari, har yettinchi respondent davlat muassasalarining masʼul xodimlari subsidiya olish imkoniyatini oshiruvchi norasmiy mukofotlarga shaʼma qilganliklarini bildirgan. Bunday holatlar Navoiy, Samarqand, Surxondaryo va Andijon viloyatlarida koʻproq kuzatilgan.

Bepul maslahatlar tashkil etish zarur

Subsidiya olish huquqini, zarur hujjatlar roʻyxatini yoki subsidiya miqdorini bilmasligini tan olgan respondentlarning 16 foizi subsidiya toʻlanishi haqida xabarnoma olgan. Respondentlarning 40 foizi ipoteka subsidiyalarini, shu jumladan, boshlangʻich badal va foizlarni toʻlash miqdorlari va tartiblaridan bexabar edi. Ipoteka kreditlari boʻyicha yagona maslahat markazi mavjud emasligi sababli soʻrov ishtirokchilarining 88 foizi ipoteka subsidiyalarini oluvchilar va/yoki talabgorlar uchun bepul maslahatlar tashkil etish zarur, deb hisoblaydi.

Natijalar nima deydi?

Soʻrovning tahliliy natijalari ham korrupsiya xavfi omillariga ishora qilmoqda, xususan:

  • ariza topshirish jarayoni va uning aniq mezonlarida shaffoflik yoʻqligi;
  • tanlov komissiyasi faoliyatida shaffoflik va ochiqlik yoʻqligi;
  • subsidiya olish imkoniyatini oshirish uchun norasmiy mukofotlar soʻralishi/berilishi haqida gap-soʻzlar tarqalish holatlari;
  • yagona maslahat markazi yoʻqligi va subsidiya olish jarayoni, shartlari toʻgʻrisida maʼlumotlar kamligi;
  • ipoteka subsidiyalarini olishning tartib-qoidalari toʻgʻrisida fuqarolar xabardorligi toʻlaqonli emasligi yoki notoʻgʻri maʼlumotga egaligi.
Теги :
Jamiyat