Yakshanba, 22-noyabr, 2026
Havo 86 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +10° kechasi +8°

Qish mavsumiga 102 ming tonna benzin zaxirasi tayyorlandi

“O‘zbekneftgaz” qish oylarida ichki bozorni benzin bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida 102 ming tonna yoqilg‘i zaxirasini shakllantirdi. Talab oshgan taqdirda ishlab chiqarish va birja savdolariga chiqariladigan benzin hajmini ko‘paytirish imkoniyati ham mavjud.

2 daqiqa o‘qiladi

Benzin

“O‘zbekneftgaz” AJ qish mavsumida yoqilg‘i ta’minotida uzilishlar yuzaga kelmasligi uchun ishlab chiqarish hajmi va zaxiralarni shakllantirish bo‘yicha choralar ko‘rmoqda. Kompaniya tomonidan hozirgacha 102 ming tonna benzin zaxirasi jamlangan. Bu haqda “O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati rahbari Mo‘min Ibodov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi.

Yil boshidan buyon Buxoro neftni qayta ishlash zavodida 916,1 ming tonna benzin ishlab chiqarilgan. Yil yakuniga qadar ishlab chiqarish hajmini 1,1 mln tonnaga yetkazish rejalashtirilgan. Hozirda korxonada kuniga o‘rtacha 3,2–3,4 ming tonna benzin ishlab chiqarilmoqda.

Talab oshsa, kunlik sotuv 10 ming tonnagacha ko‘paytirilishi mumkin

Benzinga bo‘lgan talab keskin oshgan taqdirda birja savdolariga chiqariladigan mahsulot hajmini ko‘paytirish imkoniyati mavjud. Dastlab kunlik hajmni 8 ming tonnagacha, zarurat tug‘ilganda esa 10 ming tonnagacha oshirish mumkin.

Bundan tashqari, ichki bozorda ehtimoliy taqchillik yuzaga kelishining oldini olish maqsadida tayyor benzinni import qilish bo‘yicha ham choralar ko‘rilmoqda.

Benzinning birja narxi aprel oyidan beri o‘zgarmagan

Kompaniya vakili ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan tasdiqlanmagan xabarlar iste’molchilar orasida sun’iy talabni yuzaga keltirishi va ayrimlarning yoqilg‘ini ortiqcha zaxiralashiga sabab bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.

“O‘zbekneftgaz” tomonidan birja savdolariga chiqarilayotgan benzinning boshlang‘ich narxi aprel oyidan buyon o‘zgarishsiz qolmoqda. Bir tonna benzin 14 mln so‘mdan taklif etilmoqda.