Davlat sirlarini oshkor qilgan general-mayor 15 yilga qamaldi
Elektron texnologiyalarni rivojlantirish markaziga rahbarlik qilgan general-mayor Omonillaxon Hojiakbarov davlat sirlarini oshkor qilish va mansab vakolatidan chetga chiqishda aybdor deb topilgan.
1 daqiqa o‘qiladi

Uning ishi harbiy sudda ko‘rib chiqildi.
General-mayor qanday jinoyatlarda aybdor deb topildi?
Ma’lum qilinishicha, sud uni Jinoyat kodeksining 162-moddasi 1-qismi, ya’ni davlat sirlarini oshkor qilish va 301-moddasi 3-qismining “a” bandi bo‘yicha aybdor deb topdi.
Qonunga ko‘ra, davlat sirlarini oshkor qilish uchun 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki qamoq jazosi belgilangan. Hokimiyatni suiiste’mol qilish yoki mansab vakolatidan chetga chiqish bilan bog‘liq ushbu jinoyat uchun esa 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish nazarda tutilgan.
Sud general-mayorga 15 yil qamoq jazosi tayinladi. Biroq u aynan qanday davlat sirlarini oshkor qilgani hozircha ochiqlanmagan.
Omonillaxon Hojiakbarov qanday tashkilotga rahbarlik qilgan?
Omonillaxon Hojiakbarov O‘zbekiston Respublikasi Elektron texnologiyalarni rivojlantirish markaziga rahbarlik qilgan. Ushbu davlat muassasasi elektron texnologiyalar, axborot tizimlari va davlat idoralarining raqamli infratuzilmasi bilan shug‘ullanadi.
Markaz davlat tashkilotlari o‘rtasida elektron hamkorlikni rivojlantirish, axborot almashish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bilan bog‘liq ishlarda ham ishtirok etadi.



