O‘zbekistonda naqd pul muomalasining yangi tartibi belgilanmoqda
Yangi qoidalarga ko‘ra, banklar naqd pulga bo‘lgan ehtiyojni oldindan hisoblab, ortiqcha mablag‘larni elektron platforma orqali boshqa banklarga taklif qilishi mumkin. Tartib 2027-yil 19-fevraldan kuchga kiradi.
1 daqiqa o‘qiladi

17-noyabr kuni Adliya vazirligi Markaziy bankning naqd pul muomalasini tashkil etishga oid yangi yo‘riqnomasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. 3977-raqam bilan ro‘yxatga olingan hujjatda banklarni naqd pul bilan ta’minlash, mijozlarga naqd pul berish hamda banklar o‘rtasida pul mablag‘larini taqsimlash mexanizmlari belgilangan.
Yangi tartibga ko‘ra, banklar o‘rtasidagi naqd pul almashinuvi elektron platforma orqali amalga oshiriladi. Naqd pul ortiqcha bo‘lgan banklar uni boshqa moliya muassasalariga taklif qilishi, mablag‘ga ehtiyoj sezayotgan banklar esa platforma orqali so‘rov yuborishi mumkin. Naqd pullarni bir bankdan boshqasiga yetkazib berish inkassatsiya xizmatlari orqali amalga oshiriladi.
Banklar naqd pulga bo‘lgan ehtiyojni oldindan hisoblaydi
Yo‘riqnomaga muvofiq, banklar har oy naqd pul tushumlari va chiqimlari bo‘yicha prognoz tuzishi kerak. Ushbu hisob-kitoblar elektron shaklda, yangi oy boshlanishidan kamida uch bank ish kuni oldin taqdim etiladi.
Banknot va tangalarga qanday talablar qo‘yiladi?
Hujjatda muomalaga chiqariladigan banknot va tangalarning asosiy xususiyatlari ham ko‘rsatib o‘tilgan. Ularda pul birligining nominal qiymati, Markaziy bank nomi, dizayn tasdiqlangan yil, davlat gerbi yoki bayrog‘i tasviri hamda qalbakilashtirishga qarshi himoya elementlari bo‘lishi lozim.
Shuningdek, pul belgilarining o‘lchami va ranglari ularni bir-biridan oson ajratish imkonini berishi kerak.
Yangi yo‘riqnoma 2027-yil 19-fevraldan kuchga kiradi.



