Juma, 20-noyabr, 2026
Havo 64 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
⛅ +20° kechasi +11°

Toshkentdan Parkentga 10 ming so‘mga borish mumkin: Prezident yangi poyezdda safar qildi

Toshkentdan Parkentga borish endi ancha arzonlashdi. Yangi elektropoyezdda yo‘l haqi 10 ming so‘m bo‘lib, manzilga 1 soat 13 daqiqada yetib olish mumkin.

1 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdan Parkentga 10 ming so‘mga borish mumkin: Prezident yangi poyezdda safar qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-noyabr kuni ushbu poyezdda Parkentga borib, yangi temir yo‘l va vokzal bilan tanishdi.

10 ming so‘mlik poyezdda qanday sharoitlar bor?

Toshkent – Parkent yo‘nalishida elektropoyezd qatnovi sentabr oyida boshlangan. Oltita vagondan iborat zamonaviy poyezd 586 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan bo‘lib, soatiga 120 kilometrgacha tezlikda harakatlana oladi.

Vagonlarda bepul Wi-Fi, telefon quvvatlash joylari, konditsioner va qulay o‘rindiqlar bor. Nogironligi bo‘lgan yo‘lovchilar uchun ham maxsus sharoitlar yaratilgan.

Poyezdda yurish taksiga qaraganda o‘rtacha 2,5 baravar arzon. Yangi yo‘nalish orqali kuniga 2 ming nafargacha, yiliga esa 300 ming yo‘lovchini tashish mumkin.

Yangi temir yo‘lga qancha pul sarflangan?

Loyiha uchun 535,4 milliard so‘m ajratilib, Baytqo‘rg‘on va Parkent o‘rtasida 24 kilometrlik elektrlashtirilgan temir yo‘l qurilgan. Shuningdek, yangi bekat, uchta ko‘prik, avtomobil yo‘l o‘tkazgichi va boshqa inshootlar barpo etilgan.

Qurilish natijasida 40 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Yo‘nalishda qatnayotgan EP3D elektropoyezdining qiymati esa 124 milliard so‘mni tashkil etadi.

Prezident Parkent vokzalida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishni yaxshilash, qatnovlarni samarali tashkil etish va temir yo‘l atrofini obodonlashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Shuningdek, Toshkent viloyatida qishloq xo‘jaligi va mahsulotlarni qayta ishlash imkoniyatlarini kengaytirish zarurligini ta’kidladi.