Juma, 20-noyabr, 2026
Havo 64 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☁ +19° kechasi +11°

Bir hududda 3,5 million, boshqasida 5 million so‘m: Endi davlat hisobidan quriladigan binolar narxi nazorat qilinadi

O‘zbekistonda bir xil turdagi uylarni qurish narxi hududlarga qarab keskin farq qilayotgani aniqlandi. Masalan, ayrim viloyatlarda ko‘p qavatli uyning bir kvadrat metrini qurish 3,5 million so‘mga ham yetmaydi, boshqalarida esa bu ko‘rsatkich 5 million so‘mdan oshadi.

3 daqiqa o‘qiladi

Bir hududda 3,5 million, boshqasida 5 million so‘m: Endi davlat hisobidan quriladigan binolar narxi nazorat qilinadi

Shu kabi holatlarning oldini olish maqsadida endi davlat hisobidan quriladigan binolarning xarajatlari qattiq nazorat qilina boshlaydi.

Bu masalalar 20-noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda muhokama qilindi.

Nega bir xil uylar turli hududlarda har xil narxda qurilmoqda?

Yig‘ilishda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Jizzax, Navoiy va Xorazmda qurilayotgan ko‘p qavatli uylarning bir kvadrat metri tannarxi 3,5 million so‘mdan kam. Buxoro va Surxondaryoda esa bu ko‘rsatkich 5 million so‘mdan yuqori. Ayrim hududlarda ma’muriy binolar qurilishi narxi ham bir-biridan 1,5–2 baravargacha farq qilmoqda.

Bunga qurilishdagi ortiqcha vositachilar, loyiha va xarajatlar hisobining ish davomida qayta-qayta o‘zgartirilishi sabab bo‘layotgani aytildi. Shu bois 2027-yildan byudjet hisobidan quriladigan obyektlarda birinchi navbatda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan materiallardan foydalanish talabi joriy etiladi. Davlat xaridlari portalida mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun alohida savdo maydonchasi ochiladi. Bu orqali ularga yiliga 15–20 trillion so‘mlik bozorga chiqish imkoniyati yaratiladi.

Yangi tartibni strategik korxonalar va davlat kafolati asosida amalga oshirilayotgan loyihalarga ham tatbiq etish topshirildi. Qurilish tannarxi, mahalliy mahsulotlardan foydalanish darajasi va energiya tejamkorligi alohida nazorat qilinadi.

Qurilishda yangi texnologiyalar qancha pulni tejashi mumkin?

Yig‘ilish oldidan mahalliy korxonalar ishlab chiqarayotgan yangi qurilish materiallari namoyish etildi. Ular orasida “beton gilam” deb ataluvchi gidroizolyatsiya materiali ham bor. Ushbu material yordamida kanallarni an’anaviy betonlash usuliga qaraganda ikki baravar tez va 30 foiz arzon qurish mumkinligi aytildi.

Prezident bunday texnologiyalarni qurilishda kengroq qo‘llash kerakligini ta’kidladi. Uning fikricha, mamlakatdagi 31 ta loyiha instituti ham eski ish uslublaridan voz kechib, zamonga moslashishi kerak. Shavkat Mirziyoyev investorlarga ham taklif bildirdi. Agar ular loyiha institutlarini boshqaruvga olib, zamonaviy texnologiyalar va yangi yechimlarni joriy etmoqchi bo‘lsa, bunday takliflarni ko‘rib chiqishga tayyorligini aytdi.

Jizzaxda AES uchun 70 turdagi mahsulot ishlab chiqariladi

O‘zbekiston kelgusida qurilish materiallari eksportini 5 milliard dollarga yetkazishni rejalashtirmoqda. Buning uchun oddiy xomashyo emas, balki qayta ishlangan, qimmatroq va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, mahalliy qurilish kompaniyalarini xorijdagi tenderlarda faol qatnashishga jalb qilish vazifasi qo‘yildi.

Yana bir loyiha Jizzax viloyatida amalga oshiriladi. Bu yerda 200 gektar maydonda alohida soliq va bojxona tartibiga ega maxsus sanoat zonasi tashkil etiladi. Ushbu hududda O‘zbekistonda qurilayotgan atom elektr stansiyasi uchun zarur bo‘lgan 70 turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Yig‘ilishda qurilish xarajatlarini kamaytirish, mahalliy korxonalarga ko‘proq buyurtma berish va yangi texnologiyalar orqali ishni tezlashtirish asosiy vazifalar sifatida belgilandi.