Payshanba, 19-noyabr, 2026
Havo 76 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☁ +15° kechasi +9°

O‘zbekistonliklar Xorvatiyaga ishga taklif qilinmoqda

Xorvatiyada qurilish sohasi va maxsus texnika haydovchiligi bo‘yicha o‘zbekistonliklar uchun 5 ta ish o‘rni taklif etilmoqda. Nomzodlarga oyiga 1 000 yevro maosh, bepul turar joy va ovqatlanish xarajatlari uchun kompensatsiya beriladi.

2 daqiqa o‘qiladi

Xorvatiya

O‘zbekiston fuqarolari Xorvatiyada qurilish ishlari va maxsus texnika haydovchiligi bo‘yicha ishga joylashishi mumkin. Nomzodlarga oyiga 1 000 yevro sof maosh, bepul turar joy va ovqatlanish xarajatlari uchun kompensatsiya taklif etilmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligining Xorijda ish Telegram kanalida ma’lum qilindi.

Ish sharoitlari qanday?

Ish beruvchi soliqlar ushlab qolinganidan keyin oyiga 1 000 yevro maosh to‘laydi. Ish haftasi 40 soatdan iborat bo‘lib, belgilangan vaqtdan tashqari ishlangan har bir soat uchun qo‘shimcha 30 foiz haq beriladi.

Mehnat shartnomasi 12 oyga tuziladi, biroq uni uzaytirish imkoniyati ham mavjud. Xodimlar ish beruvchi hisobidan turar joy bilan ta’minlanadi. Bundan tashqari, ovqatlanish xarajatlari uchun har oy 80 yevro kompensatsiya ajratiladi.

Qurilish ishchilari va maxsus texnika haydovchilari uchun jami 5 ta ish o‘rni taklif qilinmoqda.

Nomzodlarga qanday talablar qo‘yilgan?

Vakansiyalarda 25 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar ishtirok etishi mumkin. Buning uchun nomzodlar quyidagi talablarga javob berishi kerak:

  • tegishli kasb yo‘nalishi bo‘yicha o‘rta maxsus ma’lumotga ega bo‘lish;

  • qurilish sohasida kamida 2 yillik ish tajribasi;

  • ingliz tilini o‘rta darajada bilish, xorvat tilini A1 darajasida biladigan nomzodlarga ustunlik beriladi;

  • tibbiy ko‘rikdan o‘tgan va sog‘lig‘i mehnat faoliyatiga yaroqli bo‘lish.

Nomzodlarni tanlash rezyume, videotaqdimot va onlayn suhbat orqali amalga oshiriladi. Hujjatlar 1-dekabrgacha qabul qilinadi.

Vakansiyaga ariza topshirish uchun havolaga o‘tish mumkin.