Shanba, 21-noyabr, 2026
Havo 73 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☁ +11° kechasi +10°

O‘zbekistonliklar 15 yil avvalgiga qaraganda qariyb 4 yil ko‘proq yashay boshladi

O‘zbekistonda aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 15 yil ichida 3,6 yilga uzaydi. 2025-yilda bu ko‘rsatkich 76,4 yilni tashkil etib, ayollar erkaklarga qaraganda o‘rtacha 2,9 yil ko‘proq yashashi ma’lum bo‘ldi.

1 daqiqa o‘qiladi

Nuroniylar

O‘zbekistonda aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi so‘nggi 15 yil ichida 3,6 yilga oshdi. 2010-yilda 72,8 yilni tashkil etgan ushbu ko‘rsatkich 2025-yilda 76,4 yilga yetib, davrning eng yuqori natijasini qayd etdi.

Umr davomiyligi muntazam oshib bormoqda

2010–2025-yillar statistikasi aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi uzoq muddatli o‘sish tendensiyasiga ega ekanini ko‘rsatadi. Ushbu davrda ko‘rsatkich o‘rtacha har to‘rt yilda bir yilga uzaygan.

2020-yilda kuzatilgan pasayishdan so‘ng, 2021-yildan boshlab umr davomiyligi yana o‘sishni boshlagan. Keyingi yillarda bu tendensiya izchil davom etib, 2025-yilda 76,4 yilga yetgan.

Ayollar erkaklarga qaraganda uzoqroq umr ko‘rmoqda

Umr davomiyligining oshishi ayollar va erkaklar orasida ham kuzatilgan. 2010-yilda ayollarning o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 74,7 yil bo‘lgan bo‘lsa, 2025-yilda bu raqam 77,9 yilga yetgan. Erkaklarda esa shu davrda ko‘rsatkich 71 yildan 75 yilga oshgan.

Shunday qilib, 15 yil ichida erkaklar o‘rtasida o‘rtacha umr ko‘rish 4 yilga, ayollarda esa 3,2 yilga uzaygan. Shu bilan birga, ikki jins o‘rtasidagi umr davomiyligi tafovuti ham qisqargan: 2010-yildagi 3,7 yildan 2025-yilda 2,9 yilgacha kamaygan.