Pedagoglarning 62,3 foizi kasbiy sertifikatlash sinovlaridan o‘ta olmadi
Uch yil davomida o‘tkazilgan oltita sinovga jalb etilgan pedagoglar mamlakatdagi jami 690 226 nafar o‘qituvchining 6,9 foizini tashkil etgan.
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 2024–2026-yillarda kasbiy sertifikatlash sinovlarida qatnashgan 47 936 nafar pedagogning 62,3 foizi imtihondan o‘ta olmagan. Sertifikat ololmaganlarning 83,7 foizi esa ta’lim muassasalarida ishlashda davom etmoqda.
Bu haqda Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligining 2026-yil 8-sentabr holatiga oid ma’lumotlari asosida tayyorlangan tahliliy sharhda ma’lum qilindi.
Uch yil davomida o‘tkazilgan oltita sinovga jalb etilgan pedagoglar mamlakatdagi jami 690 226 nafar o‘qituvchining 6,9 foizini tashkil etgan. Imtihonlarda 18 079 nafar pedagog (37,7 foiz) kamida 56 ball to‘plab, kasbiy sertifikat olgan. Qolgan 29 857 nafari (62,3 foiz) sinovdan o‘ta olmagan.
Yillar kesimida natijalar qanday?
- 2024-yil: 15 539 nafar ishtirokchidan 6 883 nafari (44,3 foiz) o‘tgan.
- 2025-yil: 21 505 nafardan 6 388 nafari (29,7 foiz) o‘tgan.
- 2026-yil yanvar–sentabr: 10 892 nafardan 4 808 nafari (44,1 foiz) o‘tgan.
2024-yilga nisbatan 2026-yilda o‘tish ko‘rsatkichi 0,2 foiz punktga kamaygan.
Sertifikat olganlarning 12 693 nafari (70,2 foiz) 56–70 ball oralig‘ida natija qayd etgan. 86 va undan yuqori ball to‘plaganlar esa 608 nafarni, ya’ni jami ishtirokchilarning 1,3 foizini tashkil qilgan.
Informatika o‘qituvchilarining 80 foizdan ortig‘i imtihondan o‘tolmagan
Fanlar kesimida eng past o‘tish ko‘rsatkichlari quyidagicha:
- Informatika va axborot texnologiyalari — 19,2 foiz (2 682 nafardan 514 nafari);
- Fizika — 21,7 foiz (1 904 nafardan 413 nafari);
- Rus tili va adabiyoti — 21,8 foiz;
- Jismoniy tarbiya — 25,6 foiz;
- Rus tili — 26,3 foiz;
- Biologiya — 26,4 foiz.
Eng yuqori natijalar esa davlat va huquq asoslari (75,1 foiz), tarix (56,6 foiz), ingliz tili (56,6 foiz), qoraqalpoq tili va adabiyoti (54,2 foiz) hamda psixologiya (54 foiz) fanlarida qayd etilgan.
Tahlilda fanlar o‘rtasidagi o‘tish ko‘rsatkichlari tafovuti 3,9 barobarga yetgani, fan bo‘yicha bilim darajasi umumiy natijaning 79 foiziga ta’sir qilgani ko‘rsatilgan.
Boshlang‘ich ta’limda vaziyat
Boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishida 7 420 nafar pedagog imtihon topshirgan. Ularning 5 150 nafari sertifikat ololmagan. O‘tish ko‘rsatkichi 30,7 foiz bo‘lgan.
Imtihondan o‘ta olmagan pedagoglarning 42,9 foizi to‘rtta yo‘nalishga to‘g‘ri kelgan:
- Boshlang‘ich ta’lim — 5 150 nafar;
- Matematika — 3 211 nafar;
- Rus tili — 2 245 nafar;
- Ingliz tili — 2 210 nafar.
Uchinchi va to‘rtinchi marta imtihon
Birinchi urinishda 15 951 nafar pedagog (33,3 foiz), ikkinchi urinishda esa 6 865 nafardan 2 128 nafari (31 foiz) sertifikat olgan.
Birinchi urinishda o‘ta olmagan 31 985 nafar pedagogning 25 120 nafari (78,5 foiz) navbatdan tashqari pullik takroriy sinov imkoniyatidan foydalanmagan. Ushbu imtihon to‘lovi bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizini tashkil etgan.
Shuningdek, ro‘yxatdan o‘tgan 7 560 nafar talabgor imtihonga kelmagan va ularga 0 ball qo‘yilgan. Bu birinchi urinishda o‘ta olmaganlarning 23,6 foiziga teng.
Amaldagi reglamentga ko‘ra, ikki marta imtihondan o‘ta olmagan 4 737 nafar pedagog bilan mehnat shartnomasi bekor qilinishi lozim edi.
Biroq ularning 474 nafari uchinchi, 93 nafari to‘rtinchi marta sinovga kiritilgan. Jami 567 nafar pedagogning hech biri sertifikat ololmagan. Ularning o‘rtacha natijasi 39,6 ballni tashkil etgan.
Bunday holatlar eng ko‘p quyidagi hududlarda aniqlangan:
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 124 ta (21,9 foiz);
- Surxondaryo viloyati — 65 ta;
- Toshkent viloyati — 57 ta;
- Namangan viloyati — 56 ta.
Sertifikat ololmagan pedagoglarning 83,7 foizi ishlashda davom etmoqda
Ma’lumotlarga ko‘ra, sertifikat ololmagan 29 857 nafar pedagogning 24 987 nafari (83,7 foiz) ta’lim tashkilotlarida faoliyatini davom ettirmoqda.
Tahliliy sharhda 2026-yildan maktabgacha ta’lim tashkilotlarining stajyor-tarbiyachilari va psixologlari, 2027-yildan esa attestatsiyadan o‘ta olmagan hamda lavozimiga muvofiq emas deb topilgan pedagoglar ham kasbiy sertifikatlash sinovlariga jalb etilishi qayd etilgan.



