Yakshanba, 22-noyabr, 2026
Havo 84 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +20° kechasi +9°

Pasport va boshqa hujjatlar yangi alifboga qachon o‘tkaziladi? Bu bo‘yicha qaror loyihasi ishlab chiqildi

O‘zbek alifbosidagi o‘zgarishlar endi nafaqat yozuv qoidalariga, balki fuqarolarning hujjatlari, davlat idoralari, OAV, transport vositalari va jamoat joylaridagi axborotlarga ham tatbiq etiladi.

3 daqiqa o‘qiladi

Pasport
Foto: Kun.uz

Adliya vazirligi takomillashtirilgan o‘zbek alifbosini mamlakatning barcha sohalariga joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqdi. Qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Unda hujjatlarni yangilash, axborot yozuvlarini o‘zgartirish, transport va jamoat joylaridagi belgilarni yangi alifboga moslashtirish bo‘yicha vazifalar belgilangan.

Hujjatlar yangi alifboda rasmiylashtiriladi

21-oktyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirishga oid qonunni imzolagan edi. Qaror loyihasiga muvofiq, O‘zbekiston fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning identifikatsiya ID kartalari, O‘zbekiston fuqarolarining xorijga chiqish biometrik pasportlari, haydovchilik guvohnomalari, avtomobil texnik pasportlari, shuningdek, davlat organlari va xo‘jalik birlashmalari xodimlarining xizmat guvohnomalari belgilangan muddatlarda almashtirilganda yangi alifboda rasmiylashtiriladi.

Qonun kuchga kirgach, beriladigan ID kartalar, biometrik pasportlar, haydovchilik guvohnomalari, avtomobil texnik pasportlari va kadastr hujjatlari takomillashtirilgan alifboda tayyorlanishi ko‘zda tutilgan. Biroq amaldagi alifboda tayyorlangan blankalardan 2028-yil 1-yanvargacha foydalanishga ruxsat beriladi.

Shuningdek, avvalgi alifboda rasmiylashtirilgan hujjatlar, jumladan, shaxsiy va mulkiy huquqlarni tasdiqlovchi hujjatlar, ularda yangi alifbodagi harflarning eski shakli qo‘llangan bo‘lsa ham, yuridik kuchini yo‘qotmaydi.

Biometrik hujjatlarni rasmiylashtirish tizimi ham moslashtiriladi

Loyihada biometrik pasportlar va ID kartalarning vizual ma’lumotlar zonasida (VIZ) takomillashtirilgan alifbo harflarini aks ettirish tartibini qayta ko‘rib chiqish ham nazarda tutilgan.

2027-yil yanvarigacha ushbu hujjatlarning vizual ma’lumotlar zonasida o‘zbek alifbosi harflarini aks ettirish bo‘yicha mavjud texnik imkoniyatlar o‘rganiladi. 2027-yil apreliga qadar esa yangi harflarni mazkur zonada aks ettirish uchun texnik talablar ishlab chiqilib, biometrik hujjatlarni personallashtirish tizimlarini moslashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlanadi.

Bu ishlarni amalga oshirish uchun Ichki ishlar vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi va Fanlar akademiyasi mas’ul etib belgilangan.

OAV, rasmiy yozishmalar va peshlavhalar yangi alifboga o‘tadi

Qonun kuchga kirgan kundan boshlab ommaviy axborot vositalari tarqatadigan materiallar, shuningdek, matbaa va nashriyot mahsulotlari takomillashtirilgan alifboda tayyorlanishi hamda chop etilishi lozim.

Davlat organlari, xo‘jalik birlashmalari va boshqa yuridik shaxslar rasmiy hujjatlar, yozishmalar va axborotlarni ham yangi alifboda rasmiylashtiradi. Shu bilan birga, fuqarolarning familiyasi, ismi va otasining ismi eski yoki yangi harf shaklida yozilganiga qarab, shaxsini aniqlash, huquq va majburiyatlarini belgilash, davlat xizmatlaridan foydalanish yoki hujjatlarini qabul qilish rad etilishi mumkin emas.

Davlat idoralari va xo‘jalik birlashmalarining peshlavhalari hamda axborot yozuvlari qonun kuchga kirganidan boshlab belgilangan tartibda yangi alifbo va imlo qoidalariga muvofiqlashtiriladi. Raqamli tashqi axborot vositalari ham takomillashtirilgan alifboga o‘tkaziladi.

Transport va jamoat joylaridagi yozuvlar bosqichma-bosqich yangilanadi

2027-yildan boshlab aeroportlar, vokzallar va boshqa jamoat joylaridagi yozuvlarni yangi alifboga moslashtirish rejalashtirilgan. Avtobus, metro, temiryo‘l va boshqa transport vositalarida yo‘nalishlar, bekatlar hamda xizmatlarga oid ma’lumotlar takomillashtirilgan alifboda joylashtiriladi.

Yo‘l belgilari, ko‘rsatkichlar va manzilga oid axborot yozuvlari ham yangi alifboda tayyorlanadi.

Tashkilotlar bir oy ichida o‘z rejasini ishlab chiqishi kerak

Davlat organlari, xo‘jalik birlashmalari, boshqa tashkilotlar va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga o‘z tizimida alifbo o‘zgarishlarini joriy etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar yo‘l xaritasini ishlab chiqish va tasdiqlash uchun bir oy muddat beriladi.

Ushbu yo‘l xaritalarida o‘zgarishlarni amalga oshirish mexanizmlari, muddatlar, moliyalashtirish manbalari va mas’ul ijrochilar aniq ko‘rsatilishi kerak. Belgilangan vazifalarning bajarilishi esa davlat organlari yig‘ilishlarida har oy kamida bir marta muhokama qilib boriladi.

Qaror loyihasi bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi 6-dekabrga qadar davom etadi.