$
 12971.00
-1.08
 13308.25
84.51
 126.04
-0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda odam savdosi: og‘ir jinoyat va yengil jazo

odam savdosi

O‘zbekistonda odam savdosi jinoyati uchun mutanosib sanksiyalar belgilanmagan. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida o‘tkazilgan fraksiyasi yig‘ilishida aytib o‘tildi. Yig‘ilishda “Odam savdosi jinoyati uchun jazo choralari kuchaytirilayotganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi muhokama qilindi.

Jabrlanganlarning 80 foizi ayol va bolalar

Odam savdosi butun dunyo bo‘ylab keng tarqalgan jinoyatlardan biriga aylanib bormoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo miqyosida har yili 4,5 milliondan ziyod kishi odam savdosi qurboni bo‘ladi. Ushbu jinoyatchilik natijasida olinayotgan yillik daromad miqdori esa 7 milliard AQSH dollaridan oshib ketgan. Achinarlisi, odam savdosi jinoyatidan jabrlanganlarning 80 foizi ayol va bolalardir.

Odam savdosi hamon mavjud

Shu bois, so‘nggi yillarda mamlakatimizda odam savdosiga qarshi kurashish, inson huquqlari va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirish, xususan odam savdosidan jabrlanganlarning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Biroq odam savdosi bilan bog‘liq jinoyalar hamon sodir etib kelinyapti.

Bugungi kunda insonlarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish bilan bog‘liq masalalarda, jumladan, odam savdosi jinoyati uchun mutanosib sanksiyalar belgilanmagan.

Jazo choralari kuchaytirilmoqda

Mazkur qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga odam savdosi jinoyatini sodir etganlarga nisbatan jazo choralarini kuchaytirish bilan bog‘liq o‘zgartirish kiritish nazarda tutilmoqda. Jumladan, homilador ayolga nisbatan sodir etilgan odam savdosi, shuningdek, muqaddam odam o‘g‘irlash jinoyatini sodir etgan shaxslar tomonidan odam savdosi jinoyatining sodir etilishini og‘irlashtiruvchi holat sifatida belgilash taklif etilmoqda.

Qonun loyihasining qabul qilinishi insonlar, shu jumladan xotin-qizlar va bolalarga nisbatan odam savdosi kabi jinoyatlarni sodir etilishini oldini olish, bolalar va xotin-qizlar huquqlari bilan bog‘liq xalqaro indekslarda mamlakatimizning o‘rnini yaxshilashga xizmat qiladi.

O‘tgan yilgi vaziyat

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2023-yilda odam savdosi bilan 126 nafar fuqaro sudlangan. Ularning 84 nafariga ozodlikdan mahrum qilish, 42 nafariga esa shartli va ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Sudlanganlarning 111 nafari ayol, 15 nafari esa erkak. Ushbu jinoyat oqibatida 242 nafar shaxs jabrlangan bo‘lib, shulardan 151 nafarini ayollar hamda 24 nafarini 3 yoshgacha bo‘lgan chaqaloqlar tashkil qilgan.

Теги :
Jamiyat