Massaning “Dumba”sidan tortib pichoqbozlargacha
Ona bo‘lgan 8-sinf o‘quvchisi, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan maktab o‘quvchilari, o‘quvchiga shilqimlik qilgan maktab direktori o‘rinbosari – maktablarda bo‘layotgan voqealarga kim aybdor?
5 daqiqa o‘qiladi

Oxirgi paytlar maktablarda bo‘layotgan turli xil mazmundagi voqea-hodisalar ijtimoiy tarmoqlarda anchagina ko‘paymoqda. Voqealarning qiziqarli jihati shundaki, ular bir-birini takrorlamaydi. Qaysidir birida sinfda o‘quvchilar nojo‘ya ishlar qilishsa, ikkinchisida ko‘chada kimnidir kaltaklashayotgan bo‘ladi. Bularning orasida eng achinarlisi voqealarda maktabdagi o‘qituvchi-pedagoglar ishtirok etganidir. Ushbu hodisalarni kuzatish chog‘ida savol tug‘iladi. Gap maktablardami yoki, “maktab faqat bilim beradi” degan tizimga o‘tilganidan keying holatlar shundaymi?
Maktabmi yoki qimorxona?
Shunday holatlardan biri aprel oyining oxirlarida bo‘lgan edi. Unda ijtimoiy tarmoqlarga Toshkentda maktab oʻquvchilari sinfda qarta oʻynagani aks etgan video tarqalgandi. Aniqlanishicha, holat joriy yilning 23-aprel kuni Yunusobod tumanidagi 235-sonli umumta'lim maktabida 8-“B” sinf oʻquvchilari tomonidan tarix fani darsi chogʻida sodir etilgan. Dars jarayoniga xalaqit qilib, “qartabozlik” qilgan toʻrt nafar oʻquvchi va ularning ota-onalari maktabga chaqirtirilib, Milliy gvardiya, IIB xodimlari, psixolog hamda maktab ma’muriyati ishtirokida profilaktik tushuntirish ishlari olib borilgan. So‘ngra, oʻquvchilarning ota-onalariga MJtKning 47-moddasiga asosan jarima qoʻllanilgan. sinf rahbari N.B.ga nisbatan intizomiy chora koʻrilgan edi.
Sinf rahbari hamda direktorni ishdan ayirgan Massaning “Dumba”si
Keyingi keysga qaraydigan bo‘lsak, may oyining boshlarida ijtimoiy tarmoqlarda “Maktab o‘quvchilari dars paytida nimani ko‘rib o‘tirishibdi?” sarlavhasi ostida maktab o‘quvchilari sinf xonasida joylashgan ekranda o‘zbekistonlik repper Massaning “Dumba” qo‘shig‘iga ishlangan klipni tomosha qilib o‘tirishgani aks etgan video tarqalgandi. Ma’lum bo‘lishicha, videolavhadagi holat Sirdaryo viloyati Sardoba tumanidagi 5-umumta’lim maktabida sodir bo‘lgan.
Vaziyatga Sirdaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi munosabat bildirgan. Boshqarmaning rasmiy sahifasida qayd etilishicha, o‘quvchilarni darsdan bo‘sh vaqtida nazoratsiz qoldirib, ushbu holat yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ygani uchun sinf rahbari, maktab direktori, direktorning o‘quv ishlari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.
Pichoqboz o‘quvchilar
Bugun esa ijtimoiy tarmoqlar orqali Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan 187-maktabda o‘quvchi pichoq o‘ynab yurgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan munosabat bildirgan tuman hokimligi ushbu pichoqni o‘tmas jism, o‘yinchoq deb atadi.
Qayd etilishicha, voqea joriy yilning 6 may kuni 187-maktabda sodir bo‘lgan. Shu maktabning 11-“J” sinf o‘quvchisi 2007-yilda tug‘ilgan I.J. maktabga o‘rtoqlariga maqtanish maqsadida pichoq ko‘rinishidagi o‘tmas jism (o‘yinchoq) olib kelgan va tanaffus vaqtida atrofidagilarga ko‘rsatib, maqtangan.
Ushbu holat bo‘yicha o‘quvchining ota-onasi maktab ma’muriyati tomonidan chaqirtirilgan, mahalla inspektori ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilgan. O‘quvchining qilgan xatti-harakati yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilgan va Milliy gvardiya xodimlari tomonidan ota-onaga nisbatan MJtKning 47-moddasiga asosan jarima jazosi tayinlangan.
Jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan maktab o‘quvchilari
Ijtimoiy tarmoqni “portlatgan” yana bir video – kuni kecha Surxondaryoda maktab o‘quvchilari ikkita bolani kaltaklagani aks etgani. Ushbu holat yuzasidan Surxondaryo viloyati IIB Matbuot xizmati izoh bergan.
Aniqlanishicha, mazkur holat joriy yilning 9-aprel kuni sodir bo‘lgan. 2006 yilda tug‘ilgan B.N. va M.N.lar oldindan o‘zaro jinoiy til biriktirib 59-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining oldidagi yo‘lda o‘ziga oldindan tanish bo‘lmagan 2001 yilda tug‘ilgan X.J. bilan hech bir sababsiz tortishib, janjallashgan.
Janjal vaqtida voyaga yetmagan B.N. va M.N.lar qo‘llari bilan X.J.ni duch kelgan joylariga urib, oyoqlari bilan yuziga tepib, tan jarohati yetkazganligi aniqlangan. Mazkur holat yuzasidan voyaga yetmagan B.N. va M.N. larga nisbatan JKning 277-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
O‘quvchiga shilqimlik qilgan direktor o‘rinbosari
15-may kuni ham OAVlarda “Andijonda maktab direktori o‘rinbosari o‘quvchi qizlarga tegajog‘lik qilayotgani aytilmoqda” mazmunidagi xabar tarqaldi.
Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 7-may kuni Andijon viloyatida joylashgan 1-sonli umumta’lim maktabiga 1957-yilda tug‘ilgan U.M. (ayol kishi) kelib, muassasa ma’muriyati va inspektor-psixologga murojaat qilgan.
O‘z murojaatida uning nabirasi N.S. (6-sinf o‘quvchisi, 2012-yilda tug‘ilgan) ga nisbatan mazkur maktab direktor o‘rinbosari M.K. (1990-yilda tug‘ilgan) tegajonlik qilganligini aytib, bunday holat avval ham kuzatilganligini bildirgan.
Bolalar ombudsmanining ta’kidlashicha, hozirda holat bo‘yicha Andijon shahar IIO tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.
Ona bo‘lgan 8-sinf o‘quvchisi
Shu oyning o‘zida ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatidagi 22-maktabning 8-sinf o‘quvchisi o‘g‘il farzandli boʻlgani haqida xabarlar ham tarqaldi.
Dastlabki toʻplangan tergovga qadar tekshiruv hujjatlariga ko‘ra, 2024-yil 8-may kuni Samarqand viloyatida yashovchi fuqaro U.Z. ariza bilan murojaat qilgan. Unda E.J. uning 2009-yilda tugʻilgan voyaga yetmagan qizi Z.P. bilan 2023-yil avgust oyida voyaga yetmaganligini bila turib jinsiy aloqa qilganini aytgan.
Oqibatida homilador bo‘lganligi hamda 2024-yil 7-may kuni Toyloq tumani tibbiyot birlashmasining tug‘ruq bo‘limida tuqqanligini aytib, unga nisbatan qonuniy chora koʻrishlikni soʻrab murojaat qilgan.
Maʼlum qilinishicha, gumonlanuvchi 2006-yilda tug‘ilgan. Tumandagi maktablarning birida 10-sinfda o‘qiydi. Muqaddam sudlanmagan.
Bu faqat ijtimoiy tarmoqlarda ayalanayotganlari
Kuzatadigan bo‘lsangiz, ayrim hollarda ushbu hodisalarga sabab o‘qituvchilarning darsga vaqtida kirmaganligi, o‘quvchilar dars vaqtida qarovsiz qolganligi sabab bo‘lgan. Achinarlisi, bular faqat ijtimoiy tarmoqlarda tarqaganlari. Aslini olganda, maktabda bunday vaziyatlar, o‘quvchilar urushi, darsdagi noma’qul ishlar, o‘qituvchi va o‘quvchi orasidagi ishqiy munosabatlar juda ko‘p. Oddiygina misol, insayderlarga ko‘ra, oilali o‘qituvchi o‘zi ishlaydigan maktab o‘quvchisi bilan jinsiy aloqa vaqtida ushlangan, yana biri maktab o‘quvchisi (qiz bola) o‘zini avtomobildan tashlab yuborgan.
Bu kabi holatlar kamayishi yoki takrorlanmasligi uchun birinchi navbatda ota-ona tomonidan to‘g‘ri tarbiya berilishi kerak. Shuningdek, darslardagi nazoratni kuchaytirish ham ma’qul yo‘l. Shu bilan birga, maktablarda jinsiy tarbiya darsi o‘tilishi ham bir tarafdan o‘quvchilar bilan bo‘layotgan tabu masalalarga ham yechim topilishi mumkin.
Milliy Gvardiya faqat davomat uchunmi?
Maktablarga Milliy Gvardiya xodimini jalb qilish shunchaki davomadni tiklash uchun xizmat qilayotgandek go‘yo. Lekin, ushbu tizimdan keyin ham Milliy Gvardiya xodimlari tomonidan maktablarda bo‘layotgan bir qancha tartib buzilishlar oldi ham olingan va bu haqda ham saytda maqola joylagan edik.



