Starlink mojarosi: Mask Trampga Ukrainani aloqasiz qoldirishni taklif qilgan
The Telegraph nashrining yozishicha, Ilon Mask AQSh prezidenti Donald Trampga Ukrainada Starlink sun’iy yo‘ldosh aloqasini cheklashni taklif qilgan. Oradan ko‘p o‘tmay, 14-oktyabr kuni Ukraina harbiylari foydalanadigan aloqa tizimida uzilishlar yuz berib, ayrim harbiy operatsiyalar barbod bo‘lgan. Nashr manbalari bu cheklovlarga Mask va Tramp aloqadorligini aytmoqda. Biroq ularning ikkalasi ham buni rad etgan.
3 daqiqa o‘qiladi

14-oktyabr kuni Ukraina harbiylari foydalanadigan Starlink aloqa tizimida kutilmaganda uzilishlar yuz berdi. Harbiylar bu cheklovlardan oldindan ogohlantirilmagani sabab ayrim operatsiyalar muvaffaqiyatsiz yakunlandi. The Telegraph nashrining yozishicha, bunga Ilon Maskning Donald Trampga Ukrainada sun’iy yo‘ldosh aloqasini cheklash bo‘yicha bergan taklifi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Biroq Mask ham, Tramp ham cheklovlarga aloqadorligini rad etmoqda.
Mask Trampga nima taklif qilgan?
The Telegraph nashri muhokamalardan xabardor to‘rt manbaga tayanib, SpaceX asoschisi Ilon Mask AQSh prezidenti Donald Trampga Ukrainada Starlink sun’iy yo‘ldosh aloqasini cheklashni taklif qilganini xabar berdi. Manbalardan birining aytishicha, Tramp bu taklifga rozi bo‘lgan. Shundan keyin Pentagon harbiy maqsadlarda ishlatiladigan Starshield tizimiga cheklovlar kiritgan.
Natijada soatiga taxminan 160 kilometrdan yuqori tezlikda harakatlanayotgan qurilmalardagi Starlink terminallari aloqani yo‘qota boshlagan. Mask esa avvalroq bu cheklovlarga aloqasi yo‘qligini aytgan. Uning ta’kidlashicha, Starshield tizimidan foydalanish shartlari va tezlik bo‘yicha qarorlarni AQSh hukumati qabul qiladi.
Biroq The Telegraph suhbatdoshlaridan biri Maskning bu gaplariga qo‘shilmagan.
“U X ijtimoiy tarmog‘ida aybi yo‘qligini, bunga AQSh ma’muriyati sababchi ekanini yozdi. Aslida esa bu ishga Mask ham, Tramp ham aloqador bo‘lgan”, — degan manba.
Nashr ushbu ma’lumotni yuqori martabali yevropalik amaldor va Ukrainadagi yana ikki manba orqali ham tasdiqlaganini bildirgan.
Yevropada ham xavotir paydo bo‘ldi
Starlink faoliyati cheklanganidan keyin Yevropada ham norozilik kuchaygan. The Telegraph manbalaridan birining aytishicha, Mask yevropalik foydalanuvchilarning salbiy munosabatidan xavotirlangan.
Polsha esa Yevropa davlatlari Ilon Mask va uning SpaceX kompaniyasi xizmatlariga haddan tashqari bog‘lanib qolayotganidan ogohlantirgan. Polsha tashqi ishlar vaziri Radislav Sikorski avvalroq Maskka ochiq murojaat qilib, “Biz — sizning yevropalik mijozlaringiz — sizni kuzatib turibmiz” — degan edi.
Biroq 16-oktyabr kuni Donald Tramp o‘zi ham, Mask ham Ukrainaning Starlink xizmatidan foydalanishi cheklanishiga aloqador emasligini aytgan. AFP agentligiga gapirgan ismi oshkor etilmagan amerikalik amaldor ham Tramp Starshield xizmatlarini qisqartirishni buyurmaganini bildirgan. Pentagon esa cheklovlar nima sababdan kiritilganiga hozircha izoh bermagan.
Starlink uzilishi harbiy operatsiyalarga ta’sir qildi
Reuters agentligi avvalroq ikki amerikalik amaldor va G‘arb davlatlaridan birining vakiliga tayanib, Starshield faoliyatini cheklash bo‘yicha ko‘rsatma Oq uydan kelganini xabar qilgan. Ammo yuqori martabali amerikalik amaldorlardan biri Trampning shaxsan bunday buyruq bermaganini aytgan. Ko‘rsatmani aynan kim bergani esa noma’lum.
Ukraina mudofaa vazirining sobiq maslahatchisi Sergey Sternenko 14-oktyabrga o‘tar kechasi Starlink aloqasida uzilishlar boshlanganini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, dastlab soatiga 160 kilometrdan yuqori tezlikda harakatlanganda aloqa yo‘qolgan. Keyinchalik esa bu chegara 60–70 kilometrgacha tushgan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning mudofaa texnologiyalari bo‘yicha maslahatchisi Sergey Beskrestnov harbiylar cheklovlardan oldindan ogohlantirilmaganini aytgan. Uning bildirishicha, aloqa kutilmaganda uzilgani sabab ayrim harbiy missiyalar barbod bo‘lgan.
Starlink aloqasi qayta tiklandimi?
15-oktyabr kuni Ukraina Mudofaa vazirligidagi manbalar Starshield tizimi orqali harakatlanish vaqtida aloqa qayta tiklanganini ma’lum qilgan. 16-oktyabr kuni Bryusselda jurnalistlar bilan uchrashgan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham Starlink faoliyati asta-sekin tiklanayotganini aytgan. Biroq uning ta’kidlashicha, Ukraina harbiylari uchun barcha cheklovlar hali to‘liq olib tashlanmagan.
Ilon Mask esa Starlink fuqarolik va mudofaa ehtiyojlari uchun yaratilganini, undan hujumkor harbiy operatsiyalarda foydalanilmasligi kerakligini aytib keladi.
Hozircha Ukrainada Starlink aloqasi nima sababdan cheklangani va bu qarorni aynan kim qabul qilgani rasman ochiqlanmagan. The Telegraph va Reuters cheklovlar AQSh rahbariyati bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini yozgan bo‘lsa-da, Tramp va Mask buni rad etmoqda.




