Chorshanba, 21-oktabr, 2026
Havo 86 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +19° kechasi +10°

Qashqadaryoda 6 milliard dollarlik loyihalarga start berildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryoga tashrifi davomida yangi loyihalarni ishga tushirish marosimida qatnashdi. Marosimda davomida 69 ta yangi loyiha ishga tushirilib, yana 92 tasining qurilishiga start berildi.

3 daqiqa o‘qiladi

Loyiha

Ular orasida xalqaro brendlar uchun mahsulot ishlab chiqaradigan korxonalar, elektr stansiyalari, oltin qazib olish loyihasi va 300 million dollarlik tog‘-chang‘i kurorti ham bor. Umumiy qiymati 6 milliard dollardan oshadigan bu loyihalar viloyat iqtisodiyotini rivojlantirishga qaratilgan.

Besh yilda 7 milliard dollar investitsiya jalb qilingan

Prezidentning aytishicha, so‘nggi besh yilda Qashqadaryoga 20 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan va 7 milliard dollar xorijiy investitsiya kiritilgan. Shu davrda xomashyoni chuqur qayta ishlashga mo‘ljallangan minglab loyihalar ishga tushib, aholi jon boshiga daromad uch baravar oshgan.

“Endi yetishtirilgan mahsulotni viloyatning o‘zida chuqur qayta ishlab, voha aholisining munosib daromad topishiga sharoit yaratish kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu maqsadda qiymati 6 milliard dollardan ziyod bo‘lgan 161 ta loyiha tayyorlangan. Ularning 69 tasi ishga tushirilgan bo‘lsa, qolgan 92 tasining qurilishiga start berildi.

Italiyaning mashhur brendi Qashqadaryoda kiyim ishlab chiqaradi

Viloyatda ishga tushirilayotgan 28 ta sanoat korxonasida qariyb 7 mingta doimiy ish o‘rni yaratilmoqda. Jumladan, Italiyaning Cotonella brendi yiliga 8,5 million dona tayyor trikotaj mahsuloti ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqda.

Koson, Mirishkor va Kasbi tumanlarida esa to‘qimachilik yo‘nalishida yana 14 ta loyiha boshlanmoqda. Ular hisobidan 18 mingta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash ham kengaytirilmoqda. AQShlik hamkorlar ishtirokidagi Wosune Food Ingredients Karshi korxonasi 3,5 ming gektarda yetishtiriladigan 100 ming tonna meva-sabzavotni qayta ishlaydi. Korxona ishlab chiqaradigan 40 million dollarlik mahsulotni Nestlé va Purina kabi xalqaro brendlar uchun eksport qilish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, Misr va Pokiston investorlari Nishon hamda G‘uzor tumanlarida 24 ming gektar yerni o‘zlashtirib, kartoshkachilik va chorvachilik loyihalarini boshlamoqda.

Chiqindidan elektr ishlab chiqaradigan zavod ham qurilmoqda

Qashqadaryoda elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha ham yangi loyihalar amalga oshirilmoqda.
Oqsuv daryosida umumiy quvvati 24 megavatt bo‘lgan uchta gidroelektr stansiyasi ishga tushirildi. Qarshi tumanida esa Xitoyning Shanghai SUS kompaniyasi bilan hamkorlikda chiqindidan elektr energiyasi ishlab chiqaradigan 150 million dollarlik zavod qurilmoqda. Uni yil yakunigacha ishga tushirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Kitob, Yakkabog‘ va Shahrisabz tumanlarida umumiy quvvati 58 megavatt bo‘lgan yana to‘qqizta mikroGES barpo etiladi.
“Yashil iqtisodiyot viloyatni rivojlantirish uchun mustahkam poydevor bo‘ladi”, — dedi Prezident.

Yangi loyihalar faqat sanoat va energetika bilan cheklanmaydi. Kitob tumanida Ozarbayjon bilan hamkorlikda oltin qazib olish loyihasi boshlanmoqda. Shahrisabz tumanida esa rossiyalik investorlar ishtirokida 300 million dollarlik turizm majmuasi tashkil etish rejalashtirilgan. Unda dor yo‘li, mehmonxona va tog‘-chang‘i kurorti bo‘ladi.

Marosim davomida Prezident xorijiy investorlarga sarmoya, yangi texnologiya va innovatsiyalar olib kirayotgani uchun minnatdorlik bildirdi hamda ularning takliflarini tingladi.

“2027-yil Qashqadaryoni zamonaviy sanoat va agrotexnologiyalar asosida rivojlantirish yili bo‘ladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shundan so‘ng davlat rahbari ramziy tugmani bosib, 69 ta loyihani ishga tushirdi va yana 92 tasining qurilishiga start berdi.