Chorshanba, 21-oktabr, 2026
Havo 84 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
🌤 +21° kechasi +10°

O‘zbekistonda sun’iy intellektdan 6 oygacha bepul foydalanish mumkin

Sun’iy intellekt yordamida yangi loyiha yaratmoqchisiz, ammo buning uchun kerakli texnologiya qimmatga tushyaptimi? O‘zbekistonda endi ayrim loyihalar uchun davlatning sun’iy intellekt infratuzilmasidan olti oygacha bepul yoki chegirma bilan foydalansa bo‘ladi. Bu hukumatning 20-oktyabrdagi 581-son qarorida belgilandi.

2 daqiqa o‘qiladi

Gpt

Undan oliy ta’lim muassasalari, ilmiy tashkilotlar, startaplar hamda hokimlarning raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt bo‘yicha maslahatchilari foydalanishi mumkin.

Bepul token va chegirmalar

ChatGPT kabi katta til modellari texnologiyasidan foydalanadigan loyihalar olti oygacha har oy 10 million tokengacha ma’lumotni bepul qayta ishlashi mumkin. Token — sun’iy intellekt matnni qayta ishlashda foydalanadigan kichik birlik.

Agar loyiha uchun bu hajm yetmasa, qo‘shimcha 50 million tokengacha foydalanishga 50 foizlik chegirma beriladi. Biroq bir oyda ishlatilmagan bepul tokenlar keyingi oyga o‘tmaydi.

Boshqa turdagi sun’iy intellekt modellarini o‘qitish, sinash, tekshirish, baholash va ishlatish uchun esa ariza asosida olti oygacha jami 120 gigabaytdan oshmaydigan videoxotira ajratiladi.

Loyihalar qanday tanlab olinadi?

Bepul yoki imtiyozli foydalanish huquqi tanlov orqali beriladi. Tanlov har yili ikki marta — iyul va noyabr oylarida o‘tkazilib, loyihalar 100 ballik tizimda baholanadi. Natijadan norozi bo‘lganlar uch ish kuni ichida elektron shikoyat yuborishi mumkin. Apellyatsiya komissiyasi uni besh ish kunida ko‘rib chiqadi.
Bitta foydalanuvchi bir vaqtning o‘zida faqat bitta loyiha uchun ushbu imkoniyatdan foydalana oladi. Shuningdek, olingan ma’lumotlarni belgilangan maqsaddan tashqari qayta ishlash, boshqalarga berish, nusxalash, tarqatish yoki tijorat maqsadida ishlatish mumkin emas. Qonun yoki shartnomada alohida ruxsat berilgan holatlar bundan mustasno.