Chorshanba, 21-oktabr, 2026
Havo 86 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +21° kechasi +10°

Maktablarda o‘qituvchilar ham psixologik tekshiruvdan o‘tadi

Endi O‘zbekistonda o‘qituvchi va o‘quvchilar har yili kamida bir marta psixologik diagnostikadan o‘tkaziladi. Ularning ruhiy holatini sun’iy intellekt tahlil qiladi.

1 daqiqa o‘qiladi

Psixolog

Yordamga muhtoj deb topilganlarga esa psixolog biriktiriladi. Bu tartib Prezidentning 19-oktyabrdagi qarori bilan belgilandi.

Tekshiruv qachondan boshlanadi?

Yangi tizim 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab bog‘cha va maktablarda ishga tushadi. 2027/2028-o‘quv yilidan esa kollej, texnikum va oliygohlarda ham joriy etiladi.

Diagnostika maxsus elektron platformada o‘tkaziladi. Sun’iy intellekt natijalarni tahlil qilib, o‘qituvchi va o‘quvchilarni uch guruhga ajratadi: psixologik barqaror, psixologik yordamga muhtoj va faol qo‘llab-quvvatlash zarur bo‘lganlar.

Yordamga muhtojlarga ta’lim muassasasining psixologi, ko‘proq e’tibor talab qiladiganlarga esa hududiy mentor psixolog biriktiriladi. Shaxsiy ma’lumotlar va tekshiruv natijalari sir saqlanishi kerak.

Psixologlarga pul mukofoti ham beriladi

Yil davomida o‘quvchi va pedagoglarning psixologik barqarorligini ta’minlashda yuqori natijaga erishgan 150 nafar mentor psixolog bir martalik mukofot oladi. Mukofot miqdori mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan 20 baravar ko‘p bo‘ladi.

Malaka oshirish kurslarida dars bergan psixologlarga esa asosiy lavozim maoshining 20 foizi miqdorida ustama to‘lanadi. Bundan tashqari, ta’lim muassasalaridagi psixologlar kamida besh yilda bir marta malakasini oshirishi shart bo‘ladi.
Yangi tizimni ilmiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash uchun Psixologiya ilmiy-tadqiqot instituti ham tashkil etiladi. Unda 2027-yil 1-yanvardan sun’iy intellekt, ta’lim psixologiyasi va psixologik salomatlik bo‘yicha laboratoriyalar faoliyat boshlaydi.