Chorshanba, 21-oktabr, 2026
Havo 84 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
🌤 +21° kechasi +10°

2030-yildan davlat ro‘yxatidan o‘tmagan shifokorlar ishlay olmaydi

O‘zbekistonda shifokor va farmatsevtlarning ishlash tartibi o‘zgaradi. 2030-yil 1-yanvardan boshlab tibbiyot va farmatsevtika sohasida faoliyat yuritish uchun diplomdan tashqari davlat ro‘yxatidan o‘tish ham majburiy bo‘ladi. Ro‘yxatdan o‘tmagan mutaxassislar o‘z kasbi bo‘yicha ishlay olmaydi.

2 daqiqa o‘qiladi

Shifokor

Bu hukumatning 19-oktyabrdagi 577-son qarorida belgilandi.

Kimlar imtihon topshiradi?

Yangi tartibga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tish jarayoni 2027-yil 1-iyuldan boshlanadi. Shifokor va farmatsevtlar 2030-yilgacha ixtiyoriy ravishda maxsus imtihon topshirib yoki malaka toifasini olish jarayonida avtomatik tarzda ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.

Kamida 20 yillik ish tajribasi va ilmiy darajasi bor mutaxassislar imtihonsiz ro‘yxatga olinadi. Ammo murojaat qilishdan oldin uch yil yoki undan ko‘proq vaqt davomida o‘z mutaxassisligi bo‘yicha uzluksiz ishlamaganlar bu imtiyozdan foydalana olmaydi.

Ro‘yxatdan o‘tganlarga besh yil muddatga ishlash huquqi beriladi. Faoliyatini davom ettirmoqchi bo‘lganlar har besh yilda qayta ro‘yxatdan o‘tishi kerak.

Ro‘yxatdan qanday o‘tiladi?

Mutaxassislar Davlat xizmatlari markazlari, my.gov.uz portali yoki Tibbiy malaka platformasi orqali murojaat qilishi mumkin. Elektron arizalar dam olish va bayram kunlari ham 24 soat davomida qabul qilinadi.

Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markazi arizani besh ish kuni ichida ko‘rib chiqadi va talabgorni maxsus imtihonga qo‘yish yoki qo‘ymaslik haqida qaror qabul qiladi.

Ro‘yxatdan o‘tganlarga elektron guvohnoma beriladi. Uni yagona elektron reyestr orqali tekshirish mumkin. Guvohnomaning qog‘oz nusxasi yoki dublikati berilmaydi.
Hukumat qarori rasmiy e’lon qilinganidan uch oy o‘tib kuchga kiradi. Shifokor va farmatsevtlar uchun davlat ro‘yxatidan o‘tish esa 2030-yil 1-yanvardan majburiy bo‘ladi.