Haj ziyoratiga borgan 577 kishi jazirama sabab vafot etdi
Qurbonlar soni haddan ziyodligiga Haj ziyoratiga noqonuniy kelganlar soni juda ko‘pligi ham sabab qilib ko‘rsatilmoqda.
1 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistonida Haj ziyoratini amalga oshirayotgan paytda halok bo‘lganlar soni 577 nafarga yetdi. Bu haqda Agence France-Presse (AFP) o‘z manbalariga asoslanib xabar berdi.
Aksariyati misrlik
Nomi sir tutilayotgan ikki arab diplomatining ma’lum qilishicha, vafot etganlarning 323 nafari misrliklar bo‘lgan. Ular jazirama issiq tufayli vafot etgan. Faqat bir misrlik tiqilinchda qolib, olgan jarohatlari oqibatida olamdan o‘tgan.
Nashrga ma’lumot berganlarga ko‘ra, halok bo‘lganlarning kamida 60 nafari — iordaniyaliklar, 23 nafari — Turkiya fuqarolari.
Haj ziyoratiga noqonuniy borish
Qurbonlar soni haddan ziyodligiga Haj ziyoratiga noqonuniy kelganlar soni juda ko‘pligi ham sabab qilib ko‘rsatilmoqda.
Buning oqibatida ziyoratchilar lagerlarida tartibsizliklar yuzaga kelgan, qutqaruvchilar o‘z vaqtida yordam ko‘rsata olmagan, dedi misrlik Haj ziyorati amallarini nazorat qiluvchi amaldor. Uning aytishicha, ziyoratchilar uzoq vaqt suv va ovqatsiz qolib ketishgan, konditsionerlar ishlamasligi tufayli ko‘plar issiqda jon bergan.
1,8 milliondan ortiq ziyoratchi
Ma’lumot uchun, 2015-yildagi Haj ziyorati vaqtida 2000 dan ortiq odam vafot etgan. 2023-yilda kamida 240 kishi halok bo‘lgan. 2024-yilda 1,8 milliondan ortiq ziyoratchilar Haj amallarini ado qilmoqda. Ziyorat 19-iyun kuni yakunlanadi.
Avvalroq O‘zbekiston uchun joriy yilgi umumiy Haj kvotasi 15 000 nafar etib belgilangani haqida xabar bergan edik.



