Yakshanba, 8-noyabr, 2026
Havo 63 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
⛅ +19° kechasi +13°

Mahkumlar bilan uchrashuv va telefon suhbatlari uchun yangi tariflar joriy etilishi mumkin

Ichki ishlar vazirligi jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlar bilan uchrashish va muloqot qilish xizmatlari narxlarini qayta belgilashni taklif qilmoqda. Tegishli qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi.

2 daqiqa o‘qiladi

Mahkumlar bilan videomuloqot

Ichki ishlar vazirligi jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlar bilan uchrashish va muloqot qilish xizmatlari narxlarini qayta belgilashni taklif qilmoqda. Tegishli qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi.

Uzoq muddatli uchrashuvlar uchun to‘lov xonaga qarab belgilanadi

Loyihada uzoq muddatli uchrashuv xonalaridan foydalanish narxini ularning sig‘imiga qarab belgilash nazarda tutilgan. Unga ko‘ra, ikki kishilik xonada bir sutka qolish uchun BHMning 20 foizi, uch kishilik xona uchun 25 foizi, to‘rt kishilik xona uchun esa 30 foizi miqdorida haq to‘lash taklif etilmoqda.

Xizmatdan bir sutkadan kam foydalanilgan taqdirda ham to‘lov to‘liq bir kun uchun hisoblanadi.

Videomuloqot va telefon suhbatlari ham pullik bo‘ladi

Qaror loyihasiga ko‘ra, mahkumlar bilan masofaviy videomuloqotning har bir daqiqasi uchun BHMning 0,5 foizi miqdorida haq olinadi. Telefon orqali suhbatlashishning bir daqiqasi esa BHMning 0,1 foiziga teng bo‘lishi belgilangan.

Mazkur xizmatlar uchun to‘lov mahkumning shaxsiy hisobvarag‘idan avtomatik tarzda yechib olinadi. Agar hisobvaraqda yetarli mablag‘ bo‘lmasa, muloqot faqat mavjud pul miqdori doirasida taqdim etiladi.

Ayrim shaxslar uchrashuv xonasi uchun to‘lovdan ozod qilinadi

Hujjatda uzoq muddatli uchrashuv xonalaridan foydalanishda ayrim toifadagi shaxslarga imtiyoz berish ham ko‘zda tutilgan.

Jumladan, mahkumlar, ular bilan birga boshqa voyaga yetgan shaxslarsiz kelgan 16 yosh va undan kichik bolalar, I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar a’zolari uchrashuv xonasi uchun to‘lovdan ozod etilishi taklif qilinmoqda.

Biroq ushbu imtiyozlar masofaviy videomuloqot va telefon orqali suhbatlashish xizmatlariga tatbiq etilmaydi.

Yangi tariflarni hisoblashda to‘lov amalga oshirilgan kundagi bazaviy hisoblash miqdori asos qilib olinadi.

Qaror loyihasi hozirda jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilmoqda. Hujjat qabul qilinib, rasman e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kirishi belgilangan.