Nukusning ham endi yangi 50 ming aholilik massivi bo‘ladi
270 gektar maydonni egallaydigan “Nukus city” loyihasida turar joylar, biznes markazlari, mehmonxonalar va ijtimoiy infratuzilma obyektlari barpo etiladi. Loyihani amalga oshirishda Yangi Toshkent tajribasidan foydalaniladi.
2 daqiqa o‘qiladi

Nukus shahrida 50 ming kishining yashashi uchun mo‘ljallangan yangi turar joy va biznes hududi tashkil etiladi. 270 gektar maydonni egallaydigan “Nukus city” loyihasi Prezidentning 2026-yil 5-noyabrdagi PQ–393-son qarori bilan belgilangan.
Yangi shahar Nukusdagi Jolshilar mahallasining Ashshiko‘l hududida quriladi. Qurilish jarayonida zamonaviy arxitektura standartlari, ilg‘or loyihalash yechimlari va energiya tejamkor texnologiyalar qo‘llanadi.
Loyihada qanday obyektlar quriladi?
“Nukus city”ning bosh rejasini ishlab chiqishda Yangi Toshkent loyihasida to‘plangan tajribadan foydalaniladi. Shuningdek, xorijiy tashkilotlarning tavsiyalari asosida zamonaviy va kreativ arxitektura yechimlari ishlab chiqilib, qurilish jarayoniga tatbiq etiladi.
Hududda “smart city” texnologiyalari joriy etilgan ko‘p kvartirali turar joylar, savdo va biznes markazlari, mehmonxonalar quriladi. Bundan tashqari, parklar, yashil maydonlar, favvoralar, sport maydonchalari hamda ijtimoiy soha muassasalarini joylashtirish rejalashtirilgan.
Qoraqalpog‘istonga 5 mlrd dollar investitsiya jalb qilinadi
Prezident qarorida Qoraqalpog‘iston Respublikasini 2027-yilda iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish bo‘yicha ham maqsadli ko‘rsatkichlar belgilangan.
Unga ko‘ra, yalpi hududiy mahsulot hajmini 8 foizga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni 7 foizga, bozor xizmatlarini 17 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini 5 foizga va qurilish ishlarini 13 foizga oshirish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, eksport hajmini 550 mln dollarga yetkazish, hududga yo‘naltiriladigan jami investitsiyalarni esa ikki baravar ko‘paytirib, 5 mlrd dollarga olib chiqish rejalashtirilgan.
Qarorda aholi bandligini ta’minlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Dastlabki bosqichda daromadi past bo‘lgan 125 ming oilaning 513 ming nafar a’zosini yuqori daromadli ish o‘rinlariga joylashtirish bo‘yicha choralar amalga oshiriladi.



