Dushanba, 9-noyabr, 2026
☁ +17° kechasi +15°

Ishlash huquqi bor, imkoniyati-chi? Yosh bolali ayollar duch kelayotgan to‘siqlar

Farzand tarbiyasi va ishni birga olib borish qanchalik oson? Yosh bolali ayol ishga chiqmoqchi bo‘lsa, bolasini kimga qoldiradi? Uy yumushlariga qachon ulguradi? Turmush o‘rtog‘i va yaqinlari uni qo‘llab-quvvatlamasa-chi?

3 daqiqa o‘qiladi

ona bola

Aslida, ayolning ishlashi faqat uning xohishi yoki kasbiy salohiyatiga bog‘liq emas. Bunda oiladagi muhit, bolalar bog‘chalarining mavjudligi va ish sharoitlari ham muhim o‘rin tutadi.

Ish va oila majburiyati

Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan Toshkent shahri, Qashqadaryo, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida maktabgacha yoshdagi farzandlari bor 594 nafar ayol o‘rtasida sotsiologik tadqiqot o‘tkazildi.

Unda ayollarning mehnat bozoridagi ishtiroki, ish va oilaviy majburiyatlarni muvofiqlashtirish imkoniyatlari hamda bunga ta’sir qiluvchi omillar o‘rganildi.

Ayollar nega ishga chiqa olmayapti?

So‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning 38,7 foizi ishlashga asosiy to‘siq sifatida oilaviy majburiyatlarni ko‘rsatgan. Ya’ni farzand tarbiyasi, uy-ro‘zg‘or ishlari va kundalik tashvishlar ularning mehnat bozorida faol bo‘lishiga ta’sir qilmoqda.

Yana 25,4 foiz ayol bola parvarishi markazlari yetishmasligini qayd etgan. Ishtirokchilarning 16,2 foizi uchun ish joyining uzoqligi, 13,9 foizi uchun esa masofadan ishlash imkoniyati yo‘qligi asosiy muammo bo‘lgan.

Bu raqamlar bir jihatni ko‘rsatadi: ayolning ishga chiqishi uchun bo‘sh ish o‘rnining o‘zi yetarli emas. Farzandini ishonchli joyga qoldirish, ishga qatnash va uy yumushlariga ulgurish masalalari ham hal bo‘lishi kerak.

Oilaning qo‘llab-quvvatlashi

Tadqiqotning eng e’tiborli natijalaridan biri oiladagi munosabatlar bilan bog‘liq.Statistik tahlilga ko‘ra, turmush o‘rtog‘i qo‘llab-quvvatlaydigan ayollarda iqtisodiy faol bo‘lish ehtimoli 2,64 baravar yuqori.

Umuman, oila a’zolarining ko‘magi yuqori bo‘lgan ayollarda bandlik ehtimoli 1,49 baravar yuqori ekani aniqlangan. Aksincha, oilaviy qarshilik mavjud bo‘lgan hollarda ayolning ishga kirish ehtimoli 66,3 foizga past bo‘lishi kuzatilgan.

Uy yumushlari ayolning ishiga qanchalik ta’sir qiladi?

Tadqiqotda yana bir qiziq holat aniqlangan. Haftasiga 12 soatdan ortiq qo‘shimcha uy mehnati bilan band bo‘lgan ayollarda ishlash ehtimoli 75,4 foizga past ekani qayd etilgan.

Darhaqiqat, ovqat tayyorlash, uy yig‘ishtirish, kir yuvish, bolalarni parvarishlash kabi yumushlar vaqt va kuch talab qiladi. Agar bu vazifalarning aksariyati bir kishining zimmasida bo‘lsa, uning ishga chiqishi yoki kasbiy rivojlanishga vaqt ajratishi qiyinlashadi.

Shu ma’noda, uy yumushlarini oila a’zolari o‘rtasida taqsimlash nafaqat kundalik turmushni yengillashtiradi, balki ayollarning mehnat bozoridagi ishtiroki uchun ham qulay sharoit yaratadi.

Ish va oila muvozanati qanday baholandi?

Tadqiqotda ayollarning ish va oilaviy hayotni birga olib borish darajasi ham o‘rganilgan. Oltita yo‘nalish asosida hisoblangan umumiy ish–oila muvozanati indeksi 60,9 foizni tashkil etgan. Bu o‘rtacha daraja sifatida baholangan.

Hududlar kesimida Toshkent shahrida mazkur ko‘rsatkich 66,2 foiz, Qashqadaryo viloyatida esa 57 foiz bo‘lgan.

Ayollarning kundalik vaziyatlarga moslashish qobiliyati 3,53 ball bilan nisbatan yuqori baholangan bo‘lsa, psixologik barqarorlik ko‘rsatkichi 2,36 ballni tashkil etgan.

Boshqacha aytganda, ayollar ish va ro‘zg‘or tashvishlarini birga olib borishga moslashayotgan bo‘lsa-da, ruhiy zo‘riqish va psixologik qo‘llab-quvvatlash masalasi ham e’tibordan chetda qolmasligi kerak.

Xo‘sh, yechim nimada?

Tadqiqot natijalari yosh bolali ayollarning mehnat bozoridagi faolligini oshirish uchun bir nechta omil muhimligini ko‘rsatmoqda. Bular — bola parvarishi xizmatlarini kengaytirish, moslashuvchan ish tartibini joriy etish, masofadan ishlash imkoniyatlarini ko‘paytirish va oilada mas’uliyatni o‘zaro taqsimlashdir.

Ayniqsa, maktabgacha yoshdagi farzandi bor ayollar uchun ish vaqti hamda bola parvarishini bir-biriga moslashtirish katta ahamiyatga ega.