Dushanba, 9-noyabr, 2026
Havo 60 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
🌧 +15° kechasi +14°
Читать на русском

Ko‘plab bahslarga sabab bo'lgan Oliy Majlis yonidagi ko‘l qayta tiklanadi

Toshkentdagi Milliy bog‘ hududida, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi binosi yonida joylashgan ko‘l olti yil avval quritilgan edi. Endi ushbu suv havzasini qayta tiklash ishlari boshlandi.

2 daqiqa o‘qiladi

Ko‘plab bahslarga sabab bo'lgan Oliy Majlis yonidagi ko‘l qayta tiklanadi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi binosi yonida joylashgan, qariyb 3 gektar maydonni egallagan, orolchali va favvorali ko‘l 2020-yil bahorida quritilgan. O‘sha paytda uning markazidagi orolchada kuzatuv minorasiga ega Light House (“Mayak”) restoran majmuasini qurish rejalashtirilgan edi. Biroq loyiha qog‘ozda qolib ketgan.

2021-yilda esa bu hududda Milliy akademik drama teatrining yangi binosi qurilishi boshlandi. Qurilishni 2023-yilgacha yakunlash ko‘zda tutilgan edi. Loyihaning buyurtmachisi sifatida Tashkent City xalqaro biznes markazi direksiyasi, bosh pudratchisi sifatida Enter Engineering PTE ko‘rsatilgan. Ammo teatr qurilishi ham to‘xtatildi.

Olti yil davomida turli rejalar va loyihalar markazida bo‘lgan hudud endi yana o‘zining dastlabki vazifasini bajaradi. Milliy ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi ko‘lni “Toza havo” umummilliy loyihasi doirasida tiklashni rejalashtirgan. Tashkilotning tushuntirishicha, suv havzasi chang miqdorini kamaytirish, havo sifatini yaxshilash va hududning mahalliy mikroiqlimini shakllantirishga xizmat qiladi.

Hozirda Chilonzor tumanidagi Beshyog‘och mahallasidagi ushbu hududda 2,3 gektarlik yangi dam olish maskani barpo etilmoqda. Loyiha doirasida 1,87 gektar maydonda sun’iy ko‘l tashkil qilinadi. Biroq yakuniy ko‘rinish e’lon qilingan renderga qanchalik mos kelishi hozircha noma’lum.

Loyihaga ko‘ra,

  • Ko‘lning suv sig‘imi 37 400 kub metrni tashkil qiladi;
  • Hududga 150 tup daraxt va buta ekiladi;
  • 4 600 metr piyodalar va velosiped yo‘laklari quriladi;
  • Ikkita favvora o‘rnatiladi;
  • Ko‘l hududida 30 metr balandlikdagi, aylanuvchi elementga ega ramziy arkali darvoza barpo etilishi rejalashtirilgan;
  • Arkali inshoot ichida ikkita lift joylashtirish imkoniyati ham ko‘rib chiqilmoqda.

Foydalanishga topshirilgach, bu yerga kuniga 3 ming nafargacha odam tashrif buyurishi kutilmoqda.

Toshkentda yana 12 ta sun’iy ko‘l qurilishi rejalashtirilgan

Qonunchilik palatasi yonidagi ko‘lni tiklash poytaxtda suv havzalari va yashil hududlarni ko‘paytirishga qaratilgan kengroq tashabbusning bir qismi hisoblanadi. Toshkentda jami 12 ta sun’iy suv havzasini tashkil etish rejalashtirilgan.

Bu borada aeroport yaqinidagi Qumariq mahallasida, G‘alaba bog‘i yonida, Uchtepa tumanida, Botanika bog‘ida hamda sobiq Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti o‘rnida barpo etilayotgan yangi bog‘ hududida loyihalar ko‘zda tutilgan.