Yakshanba, 8-noyabr, 2026
Havo 65 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
⛅ +19° kechasi +13°

G‘arb mamlakatlari Markaziy Osiyoda harbiy baza qurish taklifini bermoqda — KXShT

Taalatbek Masadiqovning aytishicha, G‘arb mamlakatlari mintaqada harbiy infratuzilma tashkil etishdan manfaatdor. Biroq Markaziy Osiyo davlatlari o‘z hududida xorijiy harbiy bazalar ochilishiga rozi bo‘lmayapti.

2 daqiqa o‘qiladi

Harbiy baza

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) bosh kotibi Taalatbek Masadiqov G‘arb davlatlari Markaziy Osiyo mamlakatlariga harbiy obyektlarni joylashtirish bo‘yicha takliflar bilan chiqayotganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, mintaqa davlatlari bunday tashabbuslarni qabul qilmayapti.

G‘arb tashabbuslarini qanday izohlamoqda?

Masadiqovning qayd etishicha, so‘nggi vaqtlarda G‘arb mamlakatlarining Markaziy Osiyoda harbiy infratuzilma barpo etishga bo‘lgan qiziqishi ortgan. Ularning vakillari mintaqada harbiy obyektlar joylashtirish zaruratini Afg‘oniston hududidan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavfsizlik tahdidlariga qarshi kurashish bilan asoslamoqda.

KXShT bosh kotibining so‘zlariga ko‘ra, tashkilotga a’zo bo‘lgan va unga kirmaydigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari xorijiy harbiy bazalarni o‘z hududida joylashtirish bo‘yicha takliflarga rad javobini bermoqda.

Masadiqov mintaqaviy hamkorlikni misol keltirdi

KXShT rahbari Markaziy Osiyo mamlakatlari xavfsizlik bilan bog‘liq muammolarni tashqi kuchlarni jalb qilmasdan, o‘zaro hamkorlik orqali hal qila olishini ta’kidladi.

U bunga misol sifatida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi chegara masalalarining muzokaralar orqali tartibga solinganini keltirdi. Shuningdek, Qirg‘iziston va Tojikiston hududida Rossiyaning harbiy obyektlari mavjudligini mintaqaviy xavfsizlikka ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi omil sifatida baholadi.

Markaziy Osiyoda Rossiyaning qaysi harbiy obyektlari bor?

Hozirda Tojikiston hududida Rossiyaning 201-harbiy bazasi, Qirg‘izistonda esa Kant aviabazasi faoliyat yuritmoqda.

Bundan tashqari, Qirg‘iziston avvalroq AQSH harbiylariga ham o‘z hududida harbiy obyekt joylashtirish imkonini bergan. Bishkek yaqinidagi Manas aeroportida faoliyat yuritgan AQSH harbiy obyekti 2001-yilda ish boshlagan va 2014-yilgacha faoliyat ko‘rsatgan.

Shu bilan birga, Taalatbek Masadiqov harbiy baza joylashtirish bo‘yicha tashabbus bilan chiqqan G‘arb davlatlari nomini oshkor qilmagan. Shuningdek, bunday takliflar Markaziy Osiyoning qaysi mamlakatlariga yuborilgani haqida ham aniq ma’lumot bermagan.