Amaldorlarni 600 ballik “halollik testi”dan o‘tkazish taklif qilindi
O‘zbekistonda davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qanchalik moyilligi maxsus test orqali tekshirilishi mumkin. Xodimlar 600 ballik tizimda baholanib, to‘rtta toifaga ajratiladi.
2 daqiqa o‘qiladi

To‘plangan ballga qarab ularga qaysi lavozimda ishlash tavsiya etilishi ham belgilanadi. Yangi tartib bo‘yicha nizom loyihasi ishlab chiqildi, uning jamoatchilik muhokamasi 9-noyabr kuni yakunlandi.
Kimlar tekshiruvdan o‘tadi?
Yangi tizim davlat idoralarida korrupsiyaning oldini olish uchun ishlab chiqilmoqda.
Unga ko‘ra, quyidagi tashkilotlarning rahbarlari va xodimlari maxsus testdan o‘tkaziladi:
• Davlat organlari va mahalliy hokimliklar;
• Davlat muassasalari;
• Davlat maqsadli jamg‘armalari;
• Davlat ulushi mavjud korxonalar.
Xodimlar har uch yilda bir marta tekshiruvdan o‘tishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, yangi ishga kirayotganlar va korrupsiya xavfi yuqori yoki o‘rta bo‘lgan lavozimlarga tayinlanayotganlar ham test topshiradi.
Bunday tekshiruv tizimini joriy etish avvalroq prezidentning davlat xizmatida boshqaruv samaradorligini oshirishga oid farmonida belgilangan edi.
Test qanday o‘tkaziladi?
Xodimlarni Prezident huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi qoshidagi Rahbar kadrlarni baholash markazi tekshiradi.
Sinovlar “AssessPro” elektron platformasi orqali o‘tkazilib, xodimning korrupsiya xavfi bilan bog‘liq xulq-atvori baholanadi.
Testlar agentlikning hududiy filiallari va maxsus jihozlangan xonalarda tashkil etiladi. Ishtirokchilar savollarga o‘zbek, qoraqalpoq yoki rus tilida javob berishi mumkin.
Sinov vaqtida telefon, planshet, kitob va shpargalkalardan foydalanish, boshqalar bilan gaplashish hamda test tugamasdan xonadan chiqish taqiqlanadi.
Ushbu qoidalarni buzganlarning natijasi bekor qilinadi. Belgilangan vaqt ichida barcha savollarga javob bermagan xodimning baholash natijasi ham shakllanmaydi.
Xodimlar to‘rtta toifaga ajratiladi
Test natijalari 600 ballik tizim asosida baholanadi. To‘plangan ballga qarab korrupsiyaga qarshi barqarorlik darajasi aniqlanadi.
1-toifa — 447–600 ball. Korrupsiyaga qarshi barqarorlik darajasi yuqori.
2-toifa — 405–446 ball. Barqarorlik darajasi o‘rta.
3-toifa — 364–404 ball. Barqarorlik darajasi o‘rtadan past.
4-toifa — 120–363 ball. Barqarorlik darajasi past.
Bu baholash xodimning korrupsiya sodir etganini anglatmaydi. Test orqali uning korrupsiya xavfiga qanchalik bardosh bera olishi aniqlanishi ko‘zda tutilmoqda.
Test natijasi lavozimga ta’sir qiladimi?
Nizom loyihasida har bir toifadagi xodimlar uchun alohida tavsiyalar belgilangan.
1-toifadagilar — korrupsiya xavfi yuqori va undan past bo‘lgan lavozimlarda ishlashi mumkin.
2-toifadagilar — xavfi o‘rta va undan past bo‘lgan lavozimlarga tavsiya etiladi.
3-toifadagilar — xavfi o‘rta va undan past bo‘lgan lavozimlarda ishlashi mumkin, ammo ularning faoliyati ustidan nazorat kuchaytiriladi.
4-toifadagilar — faqat korrupsiya xavfi past bo‘lgan lavozimlarda ishlashga tavsiya etiladi.
Biroq bu tartib hozircha nizom loyihasida nazarda tutilgan. Yakuniy qoidalar hujjat tasdiqlangach ma’lum bo‘ladi.



