Yakshanba, 8-noyabr, 2026
Havo 69 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☁ +18° kechasi +13°

O‘zbekistonda ommaviy tadbirlar uchun yangi talablar joriy etilishi mumkin

Chiptalar elektron shaklda sotiladi, odamlar zichligi dronlar orqali kuzatiladi. Ayrim qoidalarni buzgan shaxslarning tadbirlarga kirishi esa sud qarori bilan vaqtincha taqiqlanishi mumkin.

2 daqiqa o‘qiladi

Ommaviy tadbir

O‘zbekistonda konsertlar, sport musobaqalari va boshqa ommaviy tadbirlarni tashkil etish hamda o‘tkazish qoidalarini yangilash taklif qilinmoqda. Yangi tartibda tadbirlar xavfsizligini nazorat qilish, chiptalar savdosi va ishtirokchilar soniga oid qo‘shimcha talablar belgilanishi ko‘zda tutilgan.

Tegishli takliflar jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan hukumat qarori loyihasidan o‘rin olgan.

Chiptalar savdosi va ishtirokchilar soniga cheklovlar

Loyihaga ko‘ra, madaniy tadbirlar, ko‘ngilochar-tomosha dasturlari hamda sport musobaqalariga kirish chiptalari elektron shaklda sotilishi kerak. Ochiq maydonlarda tashkil etiladigan ayrim tadbirlar bu talabdan mustasno bo‘ladi.

Shu bilan birga, chiptalarni asl narxidan qimmatga sotish, soxtalashtirish va bir chiptadan bir necha bor foydalanish holatlariga qarshi choralar ko‘riladi.

Ochiq hududlarda doimiy o‘rindiqlar tashkil etilmagan tadbirlarda ishtirokchilar soni ham cheklanadi. Bunday joylarda, qoida tariqasida, har bir kvadrat metr maydonga bittadan ortiq odam to‘g‘ri kelmasligi lozim.

Tadbirlarga kirishi cheklanishi mumkin bo‘lgan shaxslar

Ommaviy tadbirlarda amaldagi taqiqlarni buzgan fuqarolarning bunday tadbirlarga kirishini sud qarori asosida muayyan muddatga cheklash taklif etilmoqda.

2027-yildan boshlab esa tadbirlarga kirishi taqiqlangan shaxslarning elektron hisobini yuritish tizimini joriy etish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, tadbirlar vaqtida shaxsini aniqlashga imkon bermaydigan darajada yuzni berkitib yurishga ham taqiq qo‘yilishi mumkin. Bunda qonunchilikda nazarda tutilgan istisnolar amal qiladi.

Xavfsizlik dronlar orqali ham nazorat qilinadi

Ommaviy tadbirlarda xavfsizlikni ta’minlash uchun zamonaviy kuzatuv vositalaridan foydalanish ham taklif etilmoqda. Xususan, dronlar yordamida fuqarolar oqimi, tadbir ishtirokchilarining umumiy soni va odamlar to‘planishining zichligini kuzatish nazarda tutilgan.

Shuningdek, fuqarolarni bepul mahsulot tarqatish yoki tovarlarni odatdagidan keskin arzon narxlarda sotish orqali ommaviy tadbirlarga jalb qilish taqiqlanishi mumkin.

Tadbirlar o‘tkaziladigan obyektlarning xavfsizlik talablariga muvofiqligi ham muntazam tekshiriladi. Bunday tekshiruvlar yiliga kamida bir marta o‘tkazilishi belgilangan.

Kuch tuzilmalari xizmatlari pulli bo‘lishi mumkin

Loyihada ommaviy tadbirlar xavfsizligini ta’minlashga jalb etiladigan davlat organlari xizmatlari uchun haq to‘lash tartibini joriy etish ham nazarda tutilgan.

Jumladan, ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda sog‘liqni saqlash organlarining tegishli xizmatlari pulli asosda ko‘rsatilishi mumkin. Biroq bu tartibdan ayrim istisnolar ham belgilangan.

Saylovoldi tashviqoti doirasida o‘tkaziladigan ommaviy tadbirlar va ko‘chma sirk tomoshalarini tashkil etish uchun esa alohida ruxsatnoma olish talab qilinmaydi. Bunday tadbirlar haqida vakolatli organga kamida 10 ish kuni oldin xabar berish kifoya.

Hozircha barcha talablar hukumat qarori loyihasi shaklida taqdim etilgan. Hujjat muhokamadan o‘tib, takliflar tasdiqlangan taqdirdagina yangi tartiblar kuchga kiradi.