“Faol fuqaro”larni rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda
Ularga kontrakt uchun 5 foiz kompensatsiya, avtokreditga subsidiya va maxsus nishon berilishi mumkin.
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda jamiyat hayotida faol ishtirok etayotgan fuqarolarni rag‘batlantirishning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Endilikda ijtimoiy foydali ishlar bilan shug‘ullangan fuqarolarga maxsus maqom berilib, ular uchun qator imtiyozlar taqdim etilishi mumkin. Bu Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori loyihasida nazarda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi har bir tuman va shahardan yiliga 208 nafar fuqaroga “Jamiyatdagi faol fuqaro” maqomini berish taklif etilmoqda. Mazkur maqom bir yil davomida amal qiladi.
“Faol fuqaro”larga qanday imtiyozlar beriladi?
Qaror loyihasida ushbu maqomga sazovor bo‘lgan fuqarolarni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish ko‘zda tutilgan.
Jumladan, ular davlat xizmatlaridan foydalanishda belgilangan yig‘im va to‘lovlar uchun 10 foizlik chegirmaga ega bo‘ladi. Biroq bu imtiyoz davlat bojiga tatbiq etilmaydi.
Shuningdek, davlat oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan fuqarolarning kontrakt to‘lovi 5 foizgacha miqdorda OTMning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.
Avtomobil xarid qilish uchun kredit olgan fuqarolarga ham yengillik nazarda tutilgan. Xususan, kreditning boshlang‘ich badalining 3 foizi Mahallalar uyushmasi jamg‘armalari hisobidan qoplanadi. Bunda ajratiladigan mablag‘ bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan oshmasligi kerak.
Bundan tashqari, maqom sohiblari maxsus “Faol fuqaro” nishoni bilan taqdirlanadi. Ularning yashash xonadoni eshigiga ham “Faol fuqaro” belgisi o‘rnatiladi.
Faol fuqarolar qanday aniqlanadi?
Loyihaga muvofiq, fuqarolarning ijtimoiy faolligi beshta yo‘nalish bo‘yicha baholanadi. Bunda “1 soat — 1 ball” tamoyili amal qiladi. Har bir yo‘nalish uchun eng ko‘pi bilan 20 ball beriladi. Umumiy hisobda fuqaro 100 ball to‘plashi mumkin.
Ballar quyidagi faoliyatlar uchun ajratiladi:
— “Yashil makon” loyihasi va ko‘chat ekish tadbirlarida qatnashish;
— Yolg‘iz keksalar hamda o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan shaxslarga ko‘maklashish;
— Mahalladagi nizoli oilalar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni bartaraf etishda jamoatchi mediator sifatida ishtirok etish;
— Mahallalarda tashkil etiladigan hasharlarda faol qatnashish;
— Yoshlarga xorijiy tillar va kasb-hunarni bepul o‘rgatish.
Fuqarolarning ushbu yo‘nalishlardagi faoliyati tegishli mas’ullar, jumladan, mahalla raisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bo‘limi hamda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan baholanadi.
Maqomni olish uchun qayerga murojaat qilish kerak?
“Jamiyatdagi faol fuqaro” maqomini olish istagidagi shaxslar har oyning 15-sanasiga qadar Davlat xizmatlari markaziga murojaat qilishi yoki my.gov.uz portali orqali elektron ariza topshirishi mumkin.
Arizaga bajarilgan ijtimoiy ishlarni tasdiqlovchi foto, video va maqolalar ilova qilinishi talab etiladi. Mazkur davlat xizmati bepul ko‘rsatiladi.
Kelib tushgan murojaatlar “Raqamli mahalla” platformasi orqali mas’ullarga yuboriladi. Vakolatli tashkilotlar har oyning 25-sanasiga qadar arizalarni o‘rganib, fuqarolar to‘plagan ballarni elektron tizimga kiritadi.
Kamida 75 ball to‘plash talab etiladi
Loyihaga ko‘ra, 75 va undan yuqori ball to‘plagan fuqarolar belgilangan kvota doirasida “Jamiyatdagi faol fuqaro” maqomiga munosib deb topiladi. G‘oliblar “Raqamli mahalla” platformasi orqali avtomatik tarzda aniqlanadi va ular uchun QR kodli elektron ma’lumotnoma shakllantiriladi.
Agar bir nechta fuqaroning ballari teng bo‘lsa, arizani avvalroq topshirgan nomzodga ustunlik beriladi.
Ta’kidlash joiz, mazkur tartib hozircha qaror loyihasida nazarda tutilgan bo‘lib, hujjat qabul qilinishi jarayonida ayrim qoidalar o‘zgarishi mumkin.



