Aholiga gaz va ko‘mir yetkazib berish IIV nazoratiga o‘tdi
Kuz-qish mavsumida aholiga ajratilgan gaz va ko‘mirning o‘z manziliga to‘liq yetib borishi, yoqilg‘ining yashirincha sotilishi va talon-toroj qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun IIV nazoratni kuchaytiradi. So‘nggi bir oyda tekshiruvlar davomida 333,5 tonna ko‘mir va qariyb 93 tonna suyultirilgan gaz noqonuniy muomaladan olib qo‘yilgan.
1 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda kuz-qish mavsumida aholini tabiiy va suyultirilgan gaz hamda ko‘mir bilan o‘z vaqtida ta’minlash, resurslarning noqonuniy sotilishi va talon-toroj qilinishining oldini olish Ichki ishlar vazirligi nazoratiga olinadi.
Qonunbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha topshiriqlar berildi
IIV matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latov ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda suyultirilgan gaz ballonlarini aholiga tasdiqlangan grafik asosida yetkazish masalasi muhokama qilingan.
Yig‘ilishda gaz ta’minoti jarayonida fuqarolardan asossiz to‘lov undirish, belgilangan me’yordan kam mahsulot berish kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berilgan.
Bir oyda yuzlab tonna ko‘mir va gaz musodara qilindi
Qayd etilishicha, so‘nggi bir oy davomida ko‘mirni noqonuniy saqlash va sotish bilan bog‘liq 16 ta holat aniqlangan. Natijada 333,5 tonna ko‘mir musodara qilinib, aholiga yetkazib berilgan.
Suyultirilgan gaz bilan bog‘liq tekshiruvlarda esa 374 ta qonunbuzarlik fosh etilgan. Noqonuniy muomaladan 9 139 ta gaz balloni va qariyb 93 tonna suyultirilgan gaz olib qo‘yilgan.
Gaz omborlari va taqsimlash bazalari tekshiriladi
Mas’ul idoralarga gaz to‘ldirish shoxobchalari, omborlar hamda taqsimlash bazalarida nazoratni kuchaytirish topshirilgan.
Shuningdek, energetika resurslarini tashish va aholi o‘rtasida taqsimlash jarayonida mahsulotlarning talon-toroj qilinishi hamda noqonuniy aylanmasiga yo‘l qo‘ymaslik vazifasi yuklatilgan.



