O‘zbekistonning 38 ta universiteti Osiyoning eng yaxshi oliygohlari reytingiga kirdi
Ulardan ikkitasi qit’aning eng kuchli 200 ta universiteti qatoriga kirgan. Yana 6 ta OTM top-500, 19 tasi esa top-1000 talikdan o‘rin egallagan.
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning 38 ta oliy ta’lim muassasasi Osiyodagi eng yaxshi universitetlar ro‘yxatidan joy oldi. Ulardan ikkitasi qit’aning eng kuchli 200 ta universiteti qatoriga kirgan. Yana 6 ta OTM top-500, 19 tasi esa top-1000 talikdan o‘rin egallagan.
O‘zbekistonning eng yaxshi natijalarini qaysi universitetlar qayd etdi?
Quacquarelli Symonds (QS) xalqaro reyting agentligi tomonidan e’lon qilingan QS World University Rankings: Asia 2027 reytingida O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari ham munosib o‘rinlarni egalladi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, mamlakat universitetlari orasida eng yuqori ko‘rsatkichni “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti qayd etdi. Mazkur oliygoh Osiyo universitetlari orasida 113-o‘rinni egalladi. O‘zbekiston Milliy universiteti esa 196-pog‘onadan joy oldi.
Har ikki universitet Markaziy Osiyoning eng yaxshi 10 ta oliygohi ro‘yxatiga ham kiritilgan. Xususan, “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti mintaqada 4-o‘rinni, O‘zbekiston Milliy universiteti esa 9-o‘rinni band etdi.
Yana uchta universitet Markaziy Osiyoning top-20 taligida
Mintaqadagi eng yaxshi 20 ta universitet qatoridan O‘zbekistonning yana uchta oliy ta’lim muassasasi joy oldi.
Samarqand davlat universiteti Markaziy Osiyo reytingida 11-o‘rinni, Osiyo miqyosida esa 215-o‘rinni egalladi. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti ushbu ko‘rsatkichlar bo‘yicha mos ravishda 13- va 255-o‘rinlardan joy oldi.
Toshkent davlat texnika universiteti esa Markaziy Osiyoda 17-o‘rinni, Osiyo reytingida 281-o‘rinni egalladi.
Boshqa O‘zbekiston universitetlarining natijalari
QS Osiyo reytingida Namangan davlat texnika universiteti 469-o‘rinni egalladi. Toshkent axborot texnologiyalari universiteti 549-o‘rin, Toshkent davlat transport universiteti 553-o‘rin, O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti 578-o‘rin va Urganch davlat universiteti 590-o‘rindan joy oldi.
Qarshi davlat universiteti 761–770-o‘rinlar oralig‘iga, Toshkent davlat agrar universiteti 771–780-o‘rinlar oralig‘iga, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti esa 791–800-o‘rinlar oralig‘iga kiritildi.
Buxoro davlat universiteti va Farg‘ona davlat texnika universiteti 801–850-o‘rinlar oralig‘ida qayd etildi. Farg‘ona davlat universiteti esa 851–900-o‘rinlardan joy oldi.
Shuningdek, Jizzax politexnika universiteti, Qoraqalpoq davlat universiteti va Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Osiyoning 951–1000-o‘rinlari oralig‘idan joy oldi.



