Payshanba, 5-noyabr, 2026
Havo 91 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +17° kechasi +11°
Читать на русском

Farg‘onada bemor ayolga shahvoniy SMS yuborgan feldsher 5 sutkaga qamaldi

Bemor ayolga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun uning uyiga borgan feldsher keyinchalik bemorning telefon raqamidan shaxsiy maqsadda foydalangan. U ayolga shahvoniy mazmundagi SMS xabarlar yuborib, shilqimlik qilgan.

2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada bemor ayolga shahvoniy SMS yuborgan feldsher 5 sutkaga qamaldi

Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanida tez tibbiy yordam chaqiruvi bo‘yicha bemor ayolning uyiga borgan feldsher keyinchalik unga SMS xabarlar yuborib, shilqimlik qilgan. Sud tibbiyot xodimini 5 sutka ma’muriy qamoqqa olish haqida qaror chiqardi.

UZ24.uz mazkur sud ishi bilan tanishdi.

Voqea qanday boshlangan?

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshloq tuman sudining 2026-yil 5-oktabrdagi qaroriga ko‘ra, 1992-yilda tug‘ilgan Q.H Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topilgan.

Sud hujjatlariga ko‘ra, Toshloq tumani tez tibbiy yordam bo‘limida feldsher bo‘lib ishlovchi Q.H 2026-yil 30-sentabr kuni chaqiruv asosida G. Q.ning yashash xonadoniga borgan.

U ayolni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, zarur muolajalarni amalga oshirgan. Shundan so‘ng uning telefon raqamini o‘z telefoniga saqlab olgan. Sudda sudlanuvchi suhbat davomida ayolning turmushidan ajrashganini bilgani va u bilan jiddiy aloqa o‘rnatish maqsadida SMS xabarlar yuborganini ma’lum qilgan.

Jabrlanuvchi sudda 30-sentabr kuni tobi qochgani sabab tez tibbiy yordamga qo‘ng‘iroq qilganini, chaqiruv bo‘yicha feldsher kelib, unga muolaja o‘tkazganini bildirgan.

Uning ko‘rsatmasiga ko‘ra, Q.H keyinchalik SMS xabarlar yuborib, uni haqorat qilgan. Shundan so‘ng ayol ichki ishlar organlariga murojaat qilib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Jazo qanday boʻldi?

Sud majlisida Q.H aybiga to‘liq iqror bo‘lib, qilmishidan pushaymonligini bildirgan va yengillik so‘ragan. Sud ish hujjatlari, jabrlanuvchining arizasi, taraflarning tushuntirishlari va boshqa dalillarni o‘rganib, Q.H.ni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topgan.

Jazo tayinlashda uning aybiga iqror bo‘lgani va pushaymonligi yengillashtiruvchi holat sifatida inobatga olingan. Javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holatlar aniqlanmagan.

Sud qarori bilan Q.H.ga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan. Shuningdek, undan ma’muriy qamoqda saqlash xarajatlari uchun 330 ming so‘m undirilishi belgilangan.