Chorshanba, 4-noyabr, 2026
Havo 100 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
🌧 +13° kechasi +9°

Mirziyoyev Tojikiston parlamenti rahbarini “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirladi

O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelgan Tojikiston parlamenti yuqori palatasi raisi Rustami Emomali “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotladi.

2 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyev Tojikiston parlamenti rahbarini “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev unga mukofotni ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shgan hissasi uchun topshirdi.

Rustami Emomali Mirziyoyev bilan uchrashdi

4-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev Tojikiston parlamenti yuqori palatasi raisi Rustami Emomalini qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuv boshida Rustami Emomali Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Suhbatda O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Ikki davlat o‘rtasida savdo va hamkorlik kengaymoqda

Uchrashuvda O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi savdo hamda yuk tashish hajmi oshib borayotgani qayd etildi.

Hozir ikki mamlakat sanoat, qurilish, energetika, qishloq xo‘jaligi va elektrotexnika sohalarida birgalikda loyihalar amalga oshirmoqda. Qo‘shma investitsiya kompaniyasi faoliyati ham ijobiy baholandi.

Shuningdek, Toshkent va Dushanbe hamda boshqa hududlar o‘rtasidagi aloqalarni kuchaytirish, madaniyat, ta’lim va turizm sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Rustami Emomali nima uchun mukofotlandi?

Tomonlar ikki davlat rahbarlari erishgan kelishuvlarni amalga oshirishda parlamentlar faolroq ishtirok etishi kerakligini ta’kidladi.

Buning uchun parlamentlararo komissiyalar, do‘stlik guruhlari va sohaviy qo‘mitalar ishini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoyev Rustami Emomaliga “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenini topshirdi.

Tojikiston parlamenti rahbari O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi strategik sheriklik, ittifoqchilik aloqalarini mustahkamlash hamda ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishdagi xizmatlari uchun ushbu mukofotga sazovor bo‘ldi.