Samarqandda sudlanganidan keyin rahbarlikka tayinlangan elektr tarmog‘i xodimi yana javobgarlikka tortildi
2023-yilda mansabdorlik jinoyati uchun sudlanib, davlat va davlat ishtirokidagi tashkilotlarda rahbarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan shaxs oradan bir yil o‘tib yana elektr ta’minoti tizimida bo‘lim boshlig‘i etib tayinlangan.
3 daqiqa o‘qiladi

2023-yilda sudlanib, muayyan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan B.U oradan bir yil o‘tib yana elektr ta’minoti tizimida rahbarlik lavozimini egallagan. Endi u mansab vakolatini suiiste’mol qilish va mansabga sovuqqonlik bilan qarashda aybdor deb topildi.
UZ24.uz mazkur sud ishi bilan tanishdi.
Avvalgi sud hukmi va rahbarlik lavozimiga qaytish
Jinoyat ishlari bo‘yicha Jomboy tuman sudining 2026-yil 22-oktabrdagi hukmiga ko‘ra, “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari” AJ “Energosavdo” filiali Payariq tuman bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan B.U Jinoyat kodeksining 205-moddasi 2-qismi “a” bandi va 207-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan.
Sud hujjatida qayd etilishicha, B.U avval ham jinoiy javobgarlikka tortilgan. Xususan, jinoyat ishlari bo‘yicha Payariq tuman sudining 2023-yil 22-avgustdagi hukmi bilan u Jinoyat kodeksining 207-moddasi 1-qismi hamda 278⁴-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari bilan aybdor deb topilgan.
Unga 1 yil 6 oy muddatga davlat va davlat ishtirokidagi tashkilotlarda moddiy va mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilish, shuningdek, ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.
2024-yil 8-avgustdagi sud ajrimi bilan B.U jazoning o‘talmagan asosiy va qo‘shimcha qismlaridan shartli ravishda ozod qilingan.
Shundan so‘ng, 2024-yil 30-sentabrdan u “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari” AJ “Energosavdo” filiali Payariq tuman bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlay boshlagan.
Debitor qarzdorlik 28 milliard so‘mdan oshgan
Sud hujjatlariga ko‘ra, B.U xizmat vazifalariga elektr energiyasi iste’molchilarining to‘lov intizomini nazorat qilish, debitor qarzdorlikni undirish hamda qarzdor iste’molchilarga nisbatan qonunchilikda belgilangan choralarni ko‘rish kirgan.
Biroq sudda aniqlanishicha, u mansab vakolatini suiiste’mol qilib, qarzdor iste’molchilarni elektr tarmog‘idan uzish choralarini ko‘rmagan. Natijada ayrim iste’molchilar elektr energiyasidan foydalanishda davom etgan.
Sud hukmida keltirilishicha, 2025-yil 1-yanvar holatiga 6 milliard 827 million so‘mdan ortiq debitor qarzdorlik mavjud bo‘lgan. Keyinchalik bu ko‘rsatkich 10 milliard 588 million so‘mdan oshgan.
Shuningdek, qarzdorlikni undirish bo‘yicha yetarli choralar ko‘rilmagani oqibatida debitor qarzdorlik 28 milliard 678 million so‘mdan oshib ketgani qayd etilgan.
Sud qanday jazo tayinladi?
Sud ish materiallari, guvohlarning ko‘rsatmalari, tekshirish xulosalari va boshqa dalillarni o‘rganib, B.U.ni aybdor deb topgan. Unga Jinoyat kodeksining 205-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari, ya’ni 112 million 500 ming so‘m jarima tayinlangan.
Shuningdek, Jinoyat kodeksining 207-moddasi 1-qismi bilan 2 yil muayyan huquqdan mahrum qilish hamda ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 1 yil 6 oy axloq tuzatish ishlari jazosi belgilangan.
Jinoyat kodeksining 59 va 61-moddalariga asosan, tayinlangan asosiy va qo‘shimcha jazolar alohida-alohida ijro etilishi belgilangan.
Sud hukmiga ko‘ra, B.U 1 yil 6 oy muddatga davlat ishtirokidagi tashkilot, korxona va muassasalarda mansabdorlik hamda moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan.



