Payshanba, 5-noyabr, 2026
Havo 91 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +19° kechasi +11°

Favqulodda vaziyatlarda yaqinini yo‘qotgan oilalarga 220 million so‘mgacha pul beriladi

O‘zbekistonda avariya yoki boshqa texnogen favqulodda vaziyat oqibatida halok bo‘lganlarning oilasiga 220 million so‘mgacha moddiy yordam beriladi. Jarohat olganlar ham davlat tomonidan belgilangan tartibda yordam olishlari mumkin.

2 daqiqa o‘qiladi

Favqulodda vaziyatlarda yaqinini yo‘qotgan oilalarga 220 million so‘mgacha pul beriladi

Buning uchun har bir tuman va shaharda maxsus jamg‘arma tashkil etiladi.

Hukumatning 3-noyabrdagi qarori bilan bunday hodisalarda fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkiga yetkazilgan zararni baholash hamda qoplash tartibi belgilandi.

Qanday hodisalar uchun yordam beriladi?

Yangi tartib texnogen, ya’ni texnika, ishlab chiqarish yoki infratuzilma bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarga taalluqli.

Jumladan, transport halokatlari, yong‘in va portlash xavfi mavjud obyektlardagi avariyalar, kimyoviy moddalar bilan bog‘liq hodisalar, elektr va kommunal tarmoqlardagi nosozliklar, binolarning to‘satdan qulashi shular jumlasidan.

Radioaktiv, ekologik xavfli moddalarni saqlash yoki ulardan foydalanish bilan bog‘liq avariyalar, shuningdek, gidrotexnik inshootlardagi halokatlar ham ushbu tartibga kiradi.

Yo‘l-transport hodisalari ham ayrim hollarda texnogen favqulodda vaziyat sifatida baholanishi mumkin. Xususan, portlash, yong‘in, transport vositasining parchalanishi, zaharli moddalar tarqalishi yoki odamlarning halok bo‘lishi va jarohatlanishi bilan bog‘liq avariyalar nazarda tutilgan.

Bunday hodisani favqulodda vaziyat deb e’tirof etish va uning oqibatlarini bartaraf qilish bo‘yicha qarorni maxsus komissiya qabul qiladi.

Kimga qancha pul to‘lanadi?

Qarorga ko‘ra, halok bo‘lgan fuqaroning oila a’zolariga jami 220 million so‘mgacha, ya’ni bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravarigacha bir martalik moddiy yordam ajratiladi. Bu mablag‘ oila a’zolari o‘rtasida teng taqsimlanadi. Jarohat olganlarga esa shikastlanish darajasiga qarab pul beriladi.

Og‘ir tan jarohati olganlar 88 million so‘mgacha, o‘rtacha og‘irlikdagi jarohatlar uchun 66 million so‘mgacha, yengil jarohat olganlar esa 44 million so‘mgacha yordam olishi mumkin.

Belgilangan summalar eng yuqori miqdor hisoblanadi. Har bir holat alohida ko‘rib chiqiladi.

Pulni olish uchun qayerga murojaat qilish kerak?

Jabrlanganlar yoki ularning oila a’zolari hodisa sodir bo‘lgan kundan boshlab 30 kun ichida tegishli komissiyaga ariza topshirishi kerak.

Moddiy yordam, avvalo, sud tomonidan aybdor deb topilgan tashkilotlar yoki ularning mansabdor shaxslari hisobidan to‘lanadi.

Agar aybdor hali aniqlanmagan bo‘lsa yoki zararni to‘liq qoplashga qurbi yetmasa, mablag‘ tuman yoki shahar hokimligi huzuridagi maxsus jamg‘armadan 30 kun ichida ajratiladi. Keyinchalik bu pul aybdor tomondan undirib olinadi.

Buning uchun barcha tuman va shaharlarda texnogen favqulodda vaziyatlar oqibatida aholiga yetkazilgan zararni qoplash jamg‘armalari tuziladi.

Jamg‘armalar Qoraqalpog‘iston, viloyatlar, Toshkent shahri hamda tuman va shaharlar byudjetlari, ularning zaxira mablag‘lari va qonun bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.

Yangi tartibning asosiy maqsadi — avariya oqibatida jabr ko‘rgan odamlar va yaqinini yo‘qotgan oilalarni moddiy yordamsiz qoldirmaslik.