Payshanba, 19-noyabr, 2026
Havo 77 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☁ +16° kechasi +9°

O‘zbekiston Markaziy Osiyoga AES mahsulotlarini yetkazib bermoqchi

2030-yilgacha oltin qazib olishni 175 tonna, elektrotexnika eksportini $5 mlrdga yetkazish va yashil manbalar ulushini 54 foizga oshirishni rejalashtirilmoqda.

2 daqiqa o‘qiladi

AES

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yuqori darajadagi kengashning ilk yig‘ilishida mamlakatning 2030-yilgacha bo‘lgan sanoat va energetika rejalarini ma’lum qildi. U turk kompaniyalarini tog‘-kon sanoati, elektrotexnika, mineral resurslarni qayta ishlash va yashil energetika yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga taklif etdi.

Konchilik va energetikada ishlab chiqarish hajmi oshiriladi


19-noyabr kuni Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda davlat rahbari 2030-yilgacha O‘zbekistonda oltin qazib olishni 175 tonnaga, kumush ishlab chiqarishni 500 tonnaga yetkazish, mis ishlab chiqarish quvvatlarini esa 500 ming tonnagacha oshirish rejalashtirilganini aytdi.


Shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalari quvvatini 25 gigavattga yetkazish va ularning mamlakatda ishlab chiqariladigan elektr energiyasidagi ulushini 54 foizga oshirish ko‘zda tutilgan.


Jizzax viloyatida tashkil etilayotgan Atom sanoati maxsus sanoat zonasida 15 ta yo‘nalish bo‘yicha mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Ular nafaqat O‘zbekistonda, balki Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida quriladigan atom elektr stansiyalari uchun ham yetkazib berilishi rejalashtirilgan.


Shu munosabat bilan Turkiya kompaniyalariga tog‘-kon sanoati, mineral xomashyoni chuqur qayta ishlash hamda qayta tiklanuvchi energetika sohalarida yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish taklif qilindi.

Elektrotexnika eksporti $5 mlrdga yetkaziladi


O‘zbekiston va Turkiya iqtisodiy hamkorligida elektrotexnika sanoati ham muhim yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan. O‘zbekiston 2030-yilgacha ushbu tarmoq eksportini 5 milliard dollarga yetkazish va sohaga 11,6 milliard dollar investitsiya jalb qilishni maqsad qilgan.


Turkiya kompaniyalari bilan misni chuqur qayta ishlash, elektronika, transformatorlar, maishiy texnika va elektr uskunalari ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish rejalashtirilmoqda. Prezident turk biznes vakillarini ushbu yo‘nalishlarda o‘zbekistonlik korxonalar bilan qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yishga chaqirdi.