O‘zbekistonliklar uchun O‘mondagi vizasiz tartib 30 kungacha uzaytirilmoqda
O‘zbekiston va O‘mon fuqarolari o‘zaro safarlarda vizadan ozod etiladi. Yangi kelishuvga ko‘ra, bir kalendar yilida 180 kungacha, har bir safar davomida esa 30 kungacha vizasiz bo‘lish mumkin. Biroq bitim hali kuchga kirmagan.
1 daqiqa o‘qiladi

17-noyabr kuni O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasida fuqarolarning o‘zaro vizasiz safarlarini tashkil etish bo‘yicha hukumatlararo bitim imzolandi. Hujjat Shavkat Mirziyoyevning O‘monga davlat tashrifi doirasida tuzilgan.
Vizasiz safar muddati belgilandi
Bitimga muvofiq, ikki mamlakat fuqarolari har bir safar davomida 30 kungacha vizasiz bo‘lishi mumkin. Bunda bir kalendar yil ichidagi jami vizasiz bo‘lish muddati 180 kundan oshmasligi kerak.
Vizasiz kirish uchun amal qilish muddati kamida 6 oy bo‘lgan biometrik xorijga chiqish pasporti talab etiladi.
Vizasiz rejim barcha maqsadlar uchun amal qilmaydi
Kelishuv doirasidagi vizasiz tartib doimiy yashash, ta’lim olish yoki mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini bermaydi. Bunday maqsadlarda safar qiluvchilar tegishli ruxsatnomalarni rasmiylashtirishi kerak.
Bitim qachondan kuchga kiradi?
Hozircha kelishuv amalda emas. U ikki davlat barcha zarur ichki tartib-taomillarni yakunlagani haqida so‘nggi rasmiy xabarnoma olinganidan 30 kun o‘tib kuchga kiradi.
Shu sababli 30 kunlik muddat bitim imzolangan 17-noyabrdan boshlab hisoblanmaydi. Vizasiz safar qilish imkoniyati ikki davlatning tegishli rasmiy jarayonlari yakunlanganidan keyin yuzaga keladi.



