ChatGPT’ga ham yangi o‘zbek alifbosi o‘rgatiladi: OpenAI va Google’ga rasmiy murojaat yuborish rejalashtirilmoqda
O‘zbekistonda alifbo o‘zgarishi nafaqat maktab darsliklari, balki ChatGPT, Gemini va boshqa sun’iy intellekt dasturlariga ham ta’sir qilishi mumkin.
2 daqiqa o‘qiladi

Yangi tartib bo‘yicha bank ilovalari, internet-do‘konlar, mahsulot qadoqlari va ayrim rasmiy hujjatlar ham takomillashtirilgan o‘zbek alifbosiga o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Bu o‘zgarishlar bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
ChatGPT va boshqa sun’iy intellektlar ham yangi alifboda yozadimi?
“O‘zbek alifbosiga kiritilgan o‘zgarishlarni jamiyatning barcha sohalarida joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasida ChatGPT, Gemini, Claude, Grok, DeepSeek va Meta AI kabi dasturlarni yangi o‘zbek alifbosiga moslashtirish ko‘zda tutilgan. Buning uchun 2026–2027-yillarda OpenAI, Google, Anthropic, xAI, DeepSeek, Meta va boshqa kompaniyalarga rasmiy murojaatlar yuborish rejalashtirilmoqda.
Ushbu kompaniyalarga sun’iy intellekt dasturlarining yangi alifbo va imlo qoidalari asosida ishlashi uchun amaliy yordam ham ko‘rsatiladi. Bu ishlar bilan Raqamli texnologiyalar vazirligi, Ta’lim va ilm-fan vazirligi hamda Fanlar akademiyasi shug‘ullanadi.
Bank ilovalari va internet-do‘konlarda ham yozuvlar o‘zgaradi
Yangi alifbo elektron savdo platformalari, buyurtma berish xizmatlari, striming dasturlari va internet-do‘konlarda ham qo‘llanilishi rejalashtirilgan. Qonun kuchga kirgach, elektron kataloglar, mahsulot tavsiflari va xizmat ko‘rsatish platformalaridagi yozuvlar yangi imlo qoidalariga moslashtiriladi.
Buning uchun Istiqbolli loyihalar milliy agentligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi va Savdo-sanoat palatasi mas’ul bo‘ladi. Bank, soliq va bojxona tizimlarining dasturlari, mobil ilovalari hamda bankomatlardagi yozuvlar esa qonun kuchga kirishidan oldin yangilanishi ko‘zda tutilgan.
Mahsulot qadoqlari, pasport va maktab darsliklari qachon o‘zgaradi?
2027-yil 22-apreldan 2028-yil 22-aprelgacha mahsulot qadoqlari va yorliqlarida eski hamda yangi alifbodan birgalikda foydalanishga ruxsat berilishi rejalashtirilgan. Shu vaqt ichida tadbirkorlar qadoq dizaynlari va bosma qoliplarini yangilashi mumkin.
2028-yil 22-apreldan yangi buyurtma asosida tayyorlanadigan qadoqlar va yorliqlarda yangi alifbodan foydalanish majburiy bo‘ladi. Eski alifboda chop etilgan qadoqlash materiallarining qolgan zaxiralaridan esa 2029-yil 22-aprelgacha foydalanishga ruxsat beriladi. Shu muddatgacha qonuniy yorliqlangan mahsulotlar yaroqlilik muddati tugagunicha sotilishi mumkin. Shuningdek, 2027/2028-o‘quv yilidan birinchi sinf o‘quvchilarini yangi alifbo asosida o‘qitish rejalashtirilmoqda.
ID-karta, xorijga chiqish pasporti, haydovchilik guvohnomasi, avtomobil texnik pasporti va davlat tashkilotlari xodimlarining xizmat guvohnomalari esa belgilangan muddatlarda almashtirilayotganda yangi alifboda rasmiylashtiriladi. Hozircha bular qaror loyihasida ko‘zda tutilgan takliflar bo‘lib, hujjat 6-dekabrgacha jamoatchilik muhokamasida bo‘ladi.



