$
 11833.37
35.91
 13577.61
-30.76
 139.79
0.02
weather
+26
Кечаси   +14°

Markaziy bank xalqaro zaxiralarni tashqi boshqaruvga o‘tkazmoqchi

Oltin

O‘zbekiston Markaziy banki xalqaro zaxiralarni boshqarishda tashqi boshqaruv mexanizmlaridan bosqichma-bosqich foydalanishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Markaziy bank raisi Timur Ishmetov 18-sentabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan IPAM Forum 2026 ochilish marosimidagi nutqida ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, tashqi boshqaruvga o‘tish nafaqat xalqaro zaxiralar portfelini yanada diversifikatsiya qilish, balki Markaziy bank mutaxassislarining xalqaro moliya bozorlaridagi amaliy tajribasini oshirish imkonini ham beradi.

Xalqaro mutaxassislar bilan hamkorlik qilinadi

Timur Ishmetovning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy bank zaxiralarni boshqarishda aktivlar sinflari, valyutalar va kontragentlar bo‘yicha diversifikatsiyani kengaytirmoqda.

U tashqi boshqaruvga bosqichma-bosqich o‘tish ushbu jarayonning tarkibiy qismi ekanini qayd etdi. Bunday yondashuv Markaziy bank portfel boshqaruvchilariga real bozor sharoitida yetakchi xalqaro mutaxassislar bilan birga ishlash va olingan tajribani institut faoliyatiga joriy etish imkonini beradi.

“Tashqi boshqaruvga bosqichma-bosqich o‘tish ham shu jarayonning bir qismidir. Bu portfel boshqaruvchilarimizga real bozorlarda yetakchi xalqaro mutaxassislar bilan yonma-yon ishlash va orttirilgan tajribani institutimizga olib kirish imkonini beradi”, — dedi u.

Markaziy bank raisi zaxiralarni boshqarishda ustuvorliklar o‘zgarmasligini ham ta’kidladi. Bunda asosiy tamoyillar xavfsizlik va likvidlik bo‘lib, undan keyingi o‘rinda daromadlilik turadi.

AQSh g‘aznachilik qimmatli qog‘ozlariga sarmoya kiritilgan

O‘zbekiston 2020-yilda Jahon bankining zaxiralarni boshqarish bo‘yicha maslahat va hamkorlik dasturiga qo‘shilgan. Oradan to‘rt yil o‘tib, 2024-yilda Markaziy bank ilk bor AQSh g‘aznachilik qimmatli qog‘ozlarini xarid qilgan.

Timur Ishmetov ushbu qarorni xalqaro zaxiralar portfelini diversifikatsiya qilish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri sifatida baholadi. Raisga ko‘ra, portfelni bir haftada qayta joylashtirish mumkin. Institutni esa bunday qisqa muddatda o‘zgartirib bo‘lmaydi.

E’tibor faqat yangi aktivlarga emas, tizimga ham qaratilmoqda

Ishmetovning ta’kidlashicha, Markaziy bank zaxiralarni boshqarish tizimini bir yo‘la emas, bosqichma-bosqich rivojlantirmoqda. Bu jarayonda yangi aktivlarga investitsiya kiritish bilan bir qatorda, mutaxassislar salohiyatini oshirish, zarur tizimlarni takomillashtirish va boshqaruv mexanizmlarini kuchaytirishga ham e’tibor qaratilmoqda.

Теги :
Jamiyat