Juma, 13-noyabr, 2026
Havo 72 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☁ +6° kechasi +3°

Banklarga noqonuniy hisoblangan foiz va jarimalarni qaytarish talabi qo‘yildi

Sud qarori chiqqanidan keyin ham kreditiga foiz va jarima hisoblangan fuqarolarning pullari qaytariladi. Markaziy bank tijorat banklariga noqonuniy undirilgan mablag‘larni qarz oluvchilarga qaytarish va bunday holatlarni bartaraf etish bo‘yicha topshiriq berdi.

2 daqiqa o‘qiladi

Foiz

Markaziy bank tijorat banklariga sud qarori asosida undirilishi belgilangan kredit qarzlariga keyinchalik foiz va jarima qo‘shishni to‘xtatish majburiyatini yukladi. Qonunga zid ravishda hisoblangan yoki undirilgan mablag‘lar qarz oluvchilarga qaytarilishi kerak.

Sud qaroridan keyin qarz miqdori oshirilmasligi kerak


Markaziy bank bank xizmatlaridan foydalanayotgan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish ustuvor vazifalardan biri ekanini ta’kidladi. Qayd etilishicha, kredit munosabatlarida ham qarz oluvchilarni himoya qiluvchi qonuniy kafolatlar mavjud.


Xususan, Fuqarolik kodeksining 744-moddasi uchinchi qismida kredit qarzini undirish yuzasidan sudning hal qiluv qarori chiqarilganidan keyin qarorda belgilangan undiriladigan summaga foiz, jarima yoki penya hisoblash to‘xtatilishi nazarda tutilgan.


Boshqacha aytganda, sud qarori chiqarilgach, bank qarzdorlik summasini qo‘shimcha foiz va jarimalar hisobiga oshirib borishi mumkin emas.

Banklar ichki auditdan o‘tishi kerak


Markaziy bank Bank nazorati qo‘mitasining qarori bilan tijorat banklari kuzatuv kengashlari va boshqaruvlariga ushbu qonun talablarining to‘liq bajarilishini ta’minlash vazifasini yukladi.


Buning uchun banklar 2026-yil 10-dekabrgacha ichki audit tekshiruvini o‘tkazishi shart. Tekshiruv davomida sud qarori chiqarilgan kreditlar bo‘yicha foiz va jarimalarni hisoblash amaliyoti qonunchilikka muvofiqligi nuqtayi nazaridan to‘liq o‘rganilishi kerak.


Aniqlangan qonunbuzilish holatlari banklarning kuzatuv kengashlari va boshqaruvlari muhokamasiga kiritilishi lozim.

Noqonuniy undirilgan pullar mijozlarga qaytariladi


Regulyator banklardan qonunga zid ravishda hisoblangan foiz va jarimalarni zudlik bilan bekor qilishni talab qildi. Agar bunday mablag‘lar qarz oluvchilardan undirilgan bo‘lsa, ular qisqa muddat ichida mijozlarga qaytarilishi kerak.


Banklar ichki audit natijalari, amalga oshirilgan choralar va qarz oluvchilarga qaytarilgan mablag‘lar to‘g‘risidagi batafsil hisobotni tasdiqlovchi hujjatlar bilan birga 2026-yil 25-dekabrgacha Markaziy bankka taqdim etishi shart.


Markaziy bank kredit bo‘yicha sud qarori chiqarilganidan keyin ham foiz yoki jarima hisoblangan yoxud bunday mablag‘lar undirilgan holatlarga duch kelgan fuqarolarni murojaat qilishga chaqirdi.


Buning uchun 71 200-00-44 yoki 18 00 qisqa raqamli aloqa markaziga qo‘ng‘iroq qilish, shuningdek, “Bankda nima gap?” (@tajriba_lab_bot) Telegram botiga murojaat qilish mumkin.