AQShda 2026-yil boshidan beri 483 mingdan ortiq migrant deportatsiya qilindi
AQShda Tramp ma’muriyatining migratsiya siyosati natijasida deportatsiya qilinganlar soni o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan oshib ketdi. Shu bilan birga, ICE faoliyati mamlakat ichida siyosiy tortishuvlarga sabab bo‘lmoqda.
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati (ICE) 2026-yil boshidan buyon mamlakatdan chiqarib yuborilgan migrantlar soni bo‘yicha yangi rekord qayd etdi. Bu haqda CBS News AQSh Ichki xavfsizlik departamenti ma’lumotlariga asoslanib xabar berdi.
Deportatsiya ko‘rsatkichlari o‘tgan yilgi natijadan oshdi
DHS ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil boshidan buyon AQShdan jami 483 200 kishi deportatsiya qilingan. Bu ko‘rsatkich 2025-yil davomida mamlakatdan chiqarib yuborilgan 442 600 kishilik natijadan yuqori.
Shuningdek, ICE hisobot davrida 491 mingdan ortiq immigrantni hibsga olgan. Ularning 475 ming nafari ma’muriy huquqbuzarliklar bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha qo‘lga olingan.
AQSh Ichki xavfsizlik vaziri Markueyn Mullin xizmat xodimlarining faoliyatini yuqori baholadi va erishilgan natijani tarixiy rekord deb atadi.
“Yana bir tarixiy rekordni yangilagan ICEning jasur erkak va ayollari bilan faxrlanaman. Prezident Donald Tramp rahbarligi ostida ICE hujjatsiz immigrantlarni aniqlash va mamlakatdan chiqarib yuborish uchun zarur vakolatlarga ega bo‘ldi. Bu esa amerikaliklarning hayotini saqlab qolish imkonini bermoqda”, — dedi u.
Demokratlar ICE faoliyatini tekshirishni rejalashtirmoqda
Shu bilan birga, AQShda ICE faoliyati siyosiy bahslar markazida qolmoqda. Noyabr oyida bo‘lib o‘tgan Kongressga oraliq saylovlarda respublikachilar mag‘lubiyatga uchradi.
Demokratlar Vakillar palatasida ko‘pchilik o‘rinni egallagan taqdirda, Donald Tramp ma’muriyati va ICE faoliyatiga nisbatan qator tekshiruvlar boshlash niyatida ekanini avval ham bir necha bor bildirgan.
Bunday tekshiruvlar, xususan, immigratsiya xizmati xodimlarining vakolatlarini suiiste’mol qilishi hamda noqonuniy va nomaqbul xatti-harakatlari yuzasidan kelib tushgan ko‘plab shikoyatlarni o‘rganishni ham qamrab olishi kutilmoqda.



