Juma, 13-noyabr, 2026
Havo 73 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +5° kechasi +2°

Sankt-Peterburgda o‘zbekistonlik ayolning jasadi chamadondan topildi

Ayolning 15 yoshli o‘g‘li qotillikda gumonlanib ushlandi.

1 daqiqa o‘qiladi

SKR

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida noyabr oyi boshida bedarak yo‘qolgan O‘zbekiston fuqarosining jasadi topildi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ayolning o‘ldirilishida uning 15 yoshli o‘g‘lini gumon qilmoqda.


RIA Novosti huquqni muhofaza qiluvchi organlardagi manbasiga tayanib xabar berishicha, ayol 1-noyabr kuni oxirgi marta ishga borgan. U Sankt-Peterburgda farrosh bo‘lib ishlagan. Shu kundan keyin ishga kelmay qo‘ygan va telefon qo‘ng‘iroqlariga ham javob bermagan. Shunga qaramay, uning telefonidan SMS-xabarlarga javoblar yuborilishda davom etgan.


Ayolning bedarak yo‘qolgani haqida uning singlisi politsiyaga murojaat qilgan. Ma’lum bo‘lishicha, marhuma ijaraga olingan xonadonda o‘g‘li bilan birga yashagan. O‘smir esa maktabga onasi nomidan yozilgan, uning kasalligi sababli darslarga qatnasha olmasligi haqidagi xatni taqdim etgan.

Ayolning jasadi chamadon ichidan topilgan


Rossiya Tergov qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, ayolning jasadi Sankt-Peterburgning Pargolovo hududida, Yukkovskiy soyi bo‘yidagi ekoyo‘lakdan topilgan. Jasad chamadon ichiga joylashtirilgan bo‘lgan.


Mazkur holat yuzasidan Rossiya Jinoyat kodeksining qotillik moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.


Qotillikni sodir etishda gumon qilinib, marhumaning 15 yoshli o‘g‘li qo‘lga olingan. Hozirda unga nisbatan ehtiyot chorasini belgilash masalasi ko‘rib chiqilmoqda.


Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar jinoyatning qanday sodir etilgani va uning sabablarini aniqlamoqda.