Komil Allamjonov Jorj Vashington universiteti prezidenti huzuridagi Maslahat kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdi
O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi maslahatchi-elchisi, Prezident Administratsiyasining AQSHdagi vakili Komil Allamjonov universitet prezidenti Ellen Granberg bilan GWU’ning sun’iy intellekt davridagi rivojlanish strategiyasi yuzasidan fikr almashdi.
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi maslahatchi-elchisi, O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasining AQSHdagi vakili Komil Allamjonov Jorj Vashington universiteti (GWU) prezidenti huzuridagi Maslahat kengashi yig‘ilishida ishtirok etdi.
Jorj Vashington universiteti prezidenti huzuridagi Maslahat kengashi tarkibiga taniqli jamoat arboblari, yirik kompaniyalarning yuqori lavozimli rahbarlari va universitet bitiruvchilari kiradi. Kengash universitetni rivojlantirish masalalari bo‘yicha fikr almashish maydoni hisoblanadi.
Navbatdagi uchrashuvda universitet prezidenti Ellen Granberg va Komil Allamjonov sun’iy intellekt davrida GWU’ni rivojlantirish strategiyasi yuzasidan fikr almashdi.
“Ushbu kengash a’zosi bo‘lish va dunyoning eng nufuzli universitetlaridan birining rivojlanishiga o‘z hissamni qo‘shish men uchun katta sharaf”, — deb yozdi u ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida.
2025-yilda Komil Allamjonov Jorj Vashington universitetining Elliott nomidagi Xalqaro munosabatlar maktabi huzuridagi Yevropa, Rossiya va Yevrosiyo tadqiqotlari instituti (IERES) Markaziy Osiyoni o‘rganish dasturining maxsus maslahatchisi bo‘lgan edi.
Dastur zamonaviy Markaziy Osiyoga bag‘ishlangan ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, u siyosat, ilm-fan, diplomatiya va biznes vakillari ishtirokidagi muhokamalar uchun maydon yaratib, ekspertlar hamda siyosiy doiralar o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajaradi.
“Bu Markaziy Osiyo uchun burilish davri. CAP esa yuzaga kelgan vaziyatni tushunish uchun zarur bo‘lgan chuqur tahlillarni taqdim etishda oldingi safda turibdi”, — degan edi Allamjonov o‘tgan yili uning tayinlangani haqidagi xabarda.
Jorj Vashington universiteti AQSHning siyosiy, iqtisodiy va ishbilarmonlik doiralari uchun mutaxassislar tayyorlaydigan yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Universitet U.S. News & World Report nashrining 2027-yil uchun e’lon qilingan “Eng yaxshi kollejlar” (Best Colleges) reytingida AQSHdagi 427 ta oliy ta’lim muassasasi orasida 59-o‘rinni egallagan.


