Juma, 13-noyabr, 2026
Havo 73 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +7° kechasi +3°

Qirg‘iziston prezidentligiga 11 nafar nomzod da’vogarlik qilmoqda, ular orasida bir nafar ayol bor

Qirg‘izistonda 2027-yil 27-yanvarga belgilangan prezidentlik sayloviga tayyorgarlik ishlari qizg‘in davom etmoqda.

2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston prezidentligiga 11 nafar nomzod da’vogarlik qilmoqda, ular orasida bir nafar ayol bor

Mamlakatda prezident saylovida qatnashish uchun 11 kishi o‘z nomzodini ilgari surdi. Da’vogarlar orasida amaldagi davlat rahbari Sadir Japarov hamda Oliy sud Konstitutsiyaviy palatasining sobiq sudyasi Klara Sooronqulova ham bor. U ro‘yxatdagi yagona ayol nomzoddir.

Prezidentlik lavozimiga kimlar da’vogarlik qilmoqda?

Qirg‘iziston Markaziy saylov va referendum o‘tkazish komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, nomzodlar ro‘yxatidan quyidagilar o‘rin olgan:

  • Sadir Japarov – amaldagi prezident;

  • Aymen Kasenov – tadbirkor;

  • Azamat Esenbekov – biznesmen;

  • Siymik Japikeyev – Moliya politsiyasining sobiq rahbari;

  • Akay Qidirov – tadbirkor;

  • Ishoq Masaliyev – Jo‘g‘orku Keneshning sobiq deputati;

  • Baxtibek Kalmamatov – Jo‘g‘orku Keneshning sobiq deputati;

  • Baxitbek Adilov – Migratsiya davlat xizmatining sobiq raisi;

  • Amur Ayba Meder – "BOyl" MChJ direktori;

  • Mambetjunus Abilov – Markaziy saylov komissiyasi va FVVning sobiq rahbari;

  • Klara Sooronqulova – Oliy sud Konstitutsiyaviy palatasining sobiq sudyasi.

57 yoshli Klara Sooronqulova 12-noyabr kuni mustaqil nomzod sifatida ariza topshirdi. U 2010–2011-yillarda Markaziy saylov komissiyasi a’zosi bo‘lgan, 2011–2015-yillarda esa Oliy sud Konstitutsiyaviy palatasida sudya lavozimida ishlagan. 2020-yilda esa "Reforma" siyosiy partiyasiga rahbarlik qilgan.

Sooronqulova 2021-yilgi prezidentlik saylovlarida ham qatnashgan. O‘shanda uning uchun 14 mingdan ortiq saylovchi yoki ovoz berishda qatnashganlarning qariyb 1 foizi ovoz bergandi.

Saylov qachon bo‘lib o‘tadi?

13-noyabr kuni nomzodlarni ko‘rsatish muddati o‘z nihoyasiga yetdi. Endilikda da’vogarlar 7-dekabrgacha kamida 30 ming nafar saylovchining imzosini yig‘ishlari shart.

Nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar 13-dekabrgacha taqdim etilishi kerak, saylov qatnashchilarining yakuniy ro‘yxati esa 23-dekabrgacha tasdiqlanadi.

Qirg‘izistonda prezidentlik saylovi 2027-yil 27-yanvar kuniga belgilangan.