Juma, 13-noyabr, 2026
Havo 72 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☁ +6° kechasi +3°

“Besh daqiqaga” qo‘yilgan mashina 1,7 millionga tushishi mumkin: Toshkentda avtomobillarni evakuatsiya qilish tartibi o‘zgaradi

24-dekabrdan boshlab avtomobillarni jarima maydonchasiga olib ketish, saqlash va egasiga qaytarish jarayonlari yagona elektron tizim orqali amalga oshiriladi. Bu haqda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi ma’lum qildi.

2 daqiqa o‘qiladi

“Besh daqiqaga” qo‘yilgan mashina 1,7 millionga tushishi mumkin: Toshkentda avtomobillarni evakuatsiya qilish tartibi o‘zgaradi

Yangi tartibga ko‘ra, haydovchi evakuator mashinani yuklashni boshlamasidan oldin yetib kelib, qoidabuzarlikni bartaraf etsa, avtomobil jarima maydonchasiga olib ketilmaydi. Biroq noto‘g‘ri joyga to‘xtagani uchun belgilangan jarimani baribir to‘laydi. Agar mashinani evakuatorga yuklash boshlangan bo‘lsa, haydovchi qaytib kelgan taqdirda ham uni olib ketish jarayoni to‘xtatilmaydi. Jarima maydonchasida saqlash uchun to‘lov mashina evakuatorga yuklangan vaqtdan boshlab hisoblanadi.

Mashinani 3 kilometr uzoqlikdagi jarima maydoniga olib ketish qanchaga tushadi?

Toshkentda avtomobillarni evakuatsiya qilish va jarima maydonchasida saqlash uchun eng yuqori narxlar belgilandi. Evakuatsiya xizmati har bir kilometr uchun 88 ming so‘mgacha bo‘ladi. Bitta avtomobilni olib ketishning umumiy narxi esa 1 million 760 ming so‘mdan oshmasligi kerak. Jarima maydonchasida mashinani saqlash uchun bir sutkaga 88 ming so‘mgacha haq olinadi.

Masalan, avtomobil 3 kilometr uzoqlikdagi jarima maydonchasiga olib ketilsa, evakuatsiya 264 ming so‘mgacha tushadi. Mashina u yerda uch kun qolsa, saqlash uchun yana 264 ming so‘mgacha to‘lash kerak bo‘ladi.

Mashinani 1 yil olib ketmasangiz, sotilishi mumkin

Yangi tartibda avtomobilni jarima maydonchasidan qaytarib olish ham elektron tizim orqali amalga oshiriladi. Buning uchun haydovchiga QR-kodli ruxsatnoma kerak bo‘ladi. Ruxsatnomasiz avtomobil egasiga berilmaydi. Mashinani jarima maydonchasida uzoq vaqt qoldirish ham qo‘shimcha muammolarga sabab bo‘lishi mumkin.

Agar avtomobil olti oy davomida olib ketilmasa, to‘planib qolgan qarzdorlik majburiy tartibda undiriladi. Oradan 12 oy o‘tsa, sud mashinani egasiz deb topishi va uni sotish masalasini ko‘rib chiqishi mumkin. Yo‘l harakatini tashkil etish markazi  haydovchilarni avtomobillarini faqat ruxsat etilgan joylarga qo‘yishga chaqirdi. Markazga ko‘ra, mashinani piyodalar yo‘lagi yoki o‘tish joyida qoldirish boshqa odamlarning harakatlanishiga xalaqit beradi.